Prezidentimizning 2023 yil 26 aprelda imzolagan “Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish hamda ularni doimiy ish bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Zomin tumanida keng ko‘lamda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Istiqlol mahallasida vaqtinchalik ishsiz bo‘lgan yoshlarni bandligini ta’minlash maqsadida muhim tashabbuslar amalga oshirildi.

Mazkur tumandagi “Artel” zavodida bo‘sh ish o‘rinlarini uyushmagan, mahalliy yoshlar bilan to‘ldirishga qaratilgan tashkiliy ishlar mahalla faollari, yoshlar yetakchilari va bandlik bo‘limi hamkorligida samarali yo‘lga qo‘yildi. Yoshlarga ish jarayoni, mehnat shartlari va ish haqi tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi, bu esa ularning ishga bo‘lgan qiziqishlarini va ishonchlarini oshirdi.

Bunday tadbirlar yoshlarni mehnat bozoriga olib kirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va doimiy daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining Joriy yil 3 martdagi yoshlar bilan uchrashuvida ta’kidlanganidek, “Yoshlarning bandligini ta’minlash va kasb-hunarga yo‘naltirish – davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri” dir.
Yana e’tiborlisi shundaki, Istiqlol mahallasidagi kabi ishlar tumanning boshqa mahallalarida ham davom ettirilishi va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA