Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bandligini ta’minlash – dolzarb masala
17:43 / 2024-01-04

2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili

Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, o‘z imkoniyat va salohiyatini yuzaga chiqarishiga ko‘maklashishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy 2024 yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilinishi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlar davomiyligining bir misolidir.

Bugungi kunda Andijon viloyati aholisining qariyb 55 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan. 

Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi va boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlarning muammolarini hal etish, ularni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. 

Viloyatdagi har bir mahallada yoshlar balansi shakllantirildi. Unga kiritilgan 14-30 yoshdagi 798 ming nafar yosh uch – “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilib, har bir toifa bilan alohida ish olib borilmoqda. “Qizil” toifadagi 24 ming 492 nafar yoshning 17 ming 422 nafariga tegishli muammo va masalalar hal etildi. Xususan, 5 ming 354 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Ularning 4 ming 698 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi, 2 ming 306 nafarining salomatligi tiklandi, 5 ming 124 nafarining turli muammo va masalalari hal etildi. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etishda mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining alohida xizmatlari bor.

Har bir mahallada ishsiz yoshlarning qiziqishini o‘rganib, ular bo‘yicha fuqarobay “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirildi. Har bir ishsiz mahalladagi yoshlar yetakchining elektron tizimiga kiritilib, onlayn nazorati yo‘lga qo‘yildi.

Yakunlangan yilning 11 oyida viloyatdagi ishsiz 21 ming 980 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Xususan, 6 ming 253 nafar yosh turli korxona, tashkilot va muassasalarga doimiy ishga joylashtirildi. 2 ming 193 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 2 ming 471 nafariga o‘zi o‘rgangan kasb-hunar bilan shug‘ullanishi, zarur jihoz, asbob-uskunalar sotib olishi, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishi uchun subsidiyalar ajratildi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi 1 ming 983 nafar yoshga kredit mablag‘lari ajratildi, 3 ming 264 nafari “usta-shogird” an’anasi asosida tadbirkor va hunarmandlarga biriktirildi. 

Viloyatda yoshlar bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish hamda oilalar daromadini oshirishda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar, dehqonchilik qilish uchun yer maydonlari ajratib berilganligi ijobiy natijalar bermoqda. Xususan, 2 ming 521 nafar yoshga dehqonchilik qilish uchun yer maydoni ajratib berilgan edi. Mazkur tamoyil asosida yer olib, dehqonchilik qilayotgan yoshlar o‘zlariga ajratib berilgan yerlarda dehqonchilik qilib, daromad topmoqda, oilalari byudjetini mustahkamlashga yordam bermoqda. 

Ayni kunda viloyatda 13 ming 443 nafar yosh tadbirkor, 1 ming 562 nafar yosh fermer samarali faoliyat olib borayotganligi ham ko‘plab yoshlarga motivatsiya bermoqda. Bundan tashqari, 83 ta yoshlar mehnat guzari, 19 ta yoshlar sanoat zonasi tashkil etilib, ularning iqtidor, imkoniyat va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishga, ishsiz yoshlar bandligini ta’minlashga yordam bermoqda. 

Viloyatda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, shuningdek, umumta’lim maktablarini bitirayotgan yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ta’limning keyingi bosqichiga jalb etish, bandligini ta’minlash borasida ham zarur barcha ishlar olib borilmoqda.

Andijon viloyatida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar joriy yilda ham izchil davom ettirildi. Bu, eng avvalo, yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, pirovardida mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Oybek Yuldashev,
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi 
Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA