Xovos tumani hokimligida otaliqqa olingan va “qizil” toifaga kiritilgan yoshlar bilan individual ishlash, ularni doimiy ish bilan ta’minlash hamda ijtimoiy barqarorlikka integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Tumani prokurori va Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i rahbarligida o‘tkazilgan uchrashuvda mahalladagi yoshlar yetakchilari, yoshlarga biriktirilgan tuman tashkilotlari rahbarlari hamda mazkur masalaga mas’ul shaxslar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda ta’kidlanishicha, “Yoshlar balansi” tizimiga ko‘ra, 21 854 nafar yoshning 16 189 nafari “yashil”, 5 006 nafari “sariq” va 389 nafari “qizil” toifaga kiritilgan. Shu bois, “qizil” toifadagi yoshlar bilan individual ishlash eng ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Ushbu toifaga kiritilgan 153 nafar yoshni doimiy ishga joylashtirish, 16 nafarini tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish, 68 nafariga yer maydoni ajratish, 7 nafarini migratsiyaga yo‘naltirish va 4 nafarini subsidiya orqali band qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ishsiz yoshlar va otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlashni muvofiqlashtirish maqsadida huquq-tartibot va mudofaa organlari kesimida shtablarga har biridan bir nafar mas’ul xodimni safarbar qilish, og‘ir toifadagi va ishsiz yoshlar bilan shaxsan uchrashib, har biri uchun manzilli “yo‘l xarita”si va chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, har oyda kamida ikki marotaba yoshlar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari va homiylari) bilan shaxsan uchrashish vazifasi belgilandi.
– Ushbu chora-tadbirlar yoshlarni ijtimoiy faollikka jalb qilish, oilaviy va maishiy muammolarini o‘z vaqtida hal qilish hamda ularning bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu borada huquq-tartibot organlari va mahalla rahbarlari bilan hamohanglikda olib borilayotgan ishlar yoshlar orasida huquqbuzarlik va ijtimoiy xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi, – dedi tadbirda ishtirok etgan tuman hokimining o‘rinbosari Aziz Rasulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri