Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati
12:57 / 2023-05-20

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda «Yangilangan Konstitutsiya – ortga qaytmas islohotlarning huquqiy kafolati» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy soha, ayniqsa, yoshlarga oid muhim o‘zgarish va yangiliklar haqida kengroq ma’lumotlar berildi.  

–Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning birinchi moddasidayoq O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb e’lon qilinib, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortdi, – dedi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi M.Xo‘jayeva. – Masalan, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, odamlarning hayotdan rozilik darajasini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Bosh qomusimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qoidalar ham yanada takomillashtirildi.  

Jumladan, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratishi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashishi, zarur axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlashi mustahkamlandi.  

Shuningdek, yangilangan Konstitutsiyada har kim ishsizlikda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligi belgilab qo‘yildi. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlandi.  

Bu hozirning o‘zida 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan kafolatli moddiy yordam oladi, degani. Bu – jami oilalarning 25 foiziga to‘g‘ri keladiki, ayni xarajatlar uchun har yili 11 trillion so‘m ajratiladi.  

Deputatlar Bosh qomusimizda  yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilganini ta’kidladi. Mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhim. Shuningdek,  yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oliy ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgani, jumladan, oliy ta’lim muassasalari mustaqilligi, akademik va moliyaviy mustaqillik, ularning o‘quv dasturlarini belgilash masalalari, fuqarolarimiz tanlov asosida davlat hisobidan ta’lim olishi mumkinligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilab qo‘yilganini qayd etdilar.  

 

M.Komilova,    

O‘zA