Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va barqaror daromad manbai yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, hududlarda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu borada joylarda amalga oshirilayotgan aniq loyihalar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Buxoro tumani “Turkon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tadbirkor Marjona Umurovaning tikuvchilik sexi ana shunday ibratli tashabbuslardan biri hisoblanadi. U 2022-yilda imtiyozli kredit mablag‘lari asosida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, dastlab kichik hajmda ayollar kiyimlarini tikish bilan ish boshlagan edi.

Hozir sexda zamonaviy tikuv uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, bozor talabiga mos, sifatli va zamonaviy ayollar kiyimlari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar nafaqat mahalliy bozorda, balki qo‘shni hududlarda ham xaridor topmoqda. Bu esa kichik biznesning raqobatbardoshligini oshirish va daromadni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, mazkur sexda 6 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlangan. Ular barqaror oylik maosh olib, o‘z oilasiga munosib hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga, Marjona Umurova bir necha shogirdlarga ustozlik qilib, ularga tikuvchilik sir-asrorlarini o‘rgatmoqda. Bu esa nafaqat yoshlar bandligini ta’minlash, balki ularni mustaqil hayotga tayyorlash, kasb-hunarli etib tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Bolaligimdan tikuvchilikka qiziqqanman, –deydi yosh tadbirkor Marjona Umurova. –Avval uy sharoitida buyurtmalar asosida ish boshlaganman. Keyin talab ortib borgach, faoliyatimni rasmiylashtirish va kengaytirishga qaror qildim. Imtiyozli kredit imkoniyati menga katta turtki berdi. Hozir 6 nafar yoshni doimiy ish bilan ta’minlaganmiz.

Tadbirkorning kelgusi rejalari ham aniq. Uning mahalladagi bo‘sh turgan binodan foydalanish orqali ishlab chiqarish hajmini kengaytirish to‘g‘risidagi murojaati ijobiy hal etildi. Natijada yaqin kelajakda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri