O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda doimiy daromad manbaiga ega qilish borasida qator muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Shu vazifalar doirasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasiga G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi 16 nafar yosh biriktirilib, ularning muammolarini o‘rganish, hayotda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish hamda bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Boshqarma boshlig‘i B. Muratov tomonidan navbatdagi sayyor uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida yoshlar va ularning oila a’zolari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Yoshlarning qiziqishlari, kasbiy intilishlari hamda kelgusidagi rejalari atroflicha o‘rganildi. Muloqotlar orqali har bir yoshning imkoniyat va salohiyatini inobatga olgan holda ularni ish bilan ta’minlash va kasb-hunarga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
“Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi samaradorligi ham korxonalarga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Xususan, viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov tomonidan “G‘ijduvon Mashhurasi” MCHJda sayyor o‘rganish o‘tkazilib, korxonaning ishlab chiqarish va qayta ishlash salohiyati atroflicha tahlil qilindi.

Mazkur korxona PVX marmar panellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda o‘z mahsulotlarini xalqaro bozorlarga yetkazib bermoqda. Ayni paytda korxonada kuniga o‘rtacha 250-270 dona panel ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulotlar Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya va Fransiya davlatlariga eksport qilinmoqda. Yaqin kunlarda esa Belarus bilan ham yangi eksport shartnomalari imzolandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon korxona tomonidan bojxona rejimi asosida 371 ming AQSH dollari qiymatidagi 484 tonna xomashyo import qilingan. Bu xomashyolar asosida qayta ishlangan 23 tonna tayyor mahsulot esa 17 ming AQSH dollari miqdorida eksportga yo‘naltirilgan.
Sayyor o‘rganish jarayonida korxona faoliyati bilan yaqindan tanishilib, ishlab chiqarish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, bojxona qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va yangiliklar korxona vakillariga batafsil tushuntirilib, ularning bu boradagi savollariga atroflicha javoblar berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri