Prezidentimiz har bir uchrashuvda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va munosib hayot yo‘lini topib berish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifa ekanini alohida ta’kidlab kelmoqda. Zero, yoshlar taqdiriga befarqlik — kelajakka befarqlikdir.
Shu ezgu g‘oyalar zamirida Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Peshag‘or” va “Qo‘shtol” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ishsiz yoshlar bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Murodbek Rahmonberdiyev hamda Zomin tuman Yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Begzod Shukurov rahbarligida o‘tkazildi.

Muloqot markazida bitta asosiy masala — yoshlar bandligi bo‘ldi. Uchrashuv davomida yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularga munosib mehnat sharoitlari yaratish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga yo‘naltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Yoshlar uchun kasb — bu faqat ish emas, balki o‘z o‘rnini topish, kelajakka ishonch bilan qarash demakdir.
Ta’kidlanganidek, bugun yoshlar bandligi shunchaki raqam yoki statistika emas. U — jamiyat barqarorligi, oilalar farovonligi va mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevoridir. Shu bois yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, doimiy daromad manbalariga yo‘naltirish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalari sifatida qaralmoqda.

Jizzax viloyati bo‘yicha ayni paytda 5031 nafar ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, kasbiy tayyorlov va qayta tayyorlash dasturlari bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilyapti. Bu esa har bir yosh bilan alohida ishlash, uning qobiliyati va qiziqishini inobatga olishga qaratilgan yondashuv samarasidir.
Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tib, yoshlarni qiynayotgan muammolar tinglandi. Bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida ularni hal etish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Eng muhimi, yoshlar o‘zlariga nisbatan befarqlikni emas, ular davlat va jamiyat e’tiborida ekanini yana bir bora his etishdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA