Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar bandligi, ijtimoiy himoya, kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha Qashqadaryodagi natijalar qanday?
14:53 / 2023-02-24

Qashqadaryo viloyati yoshlar yetakchilari tomonidan o‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish, ularni sportga jalb etish borasidagi amaliy ishlari natijasida erishilgan yutuqlar talaygina.

Viloyatda jami 814 ta MFY bo‘lib, aholi soni 4 003 842 nafarni tashkil etadi, shundan 891 033 nafari yoshlar (14-30yosh) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Viloyatda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘tgan 2022 yilda qabul qilingan “Yoshlar dasturi” asosida 36 ming nafardan ziyod yoshlarning bandligi ta’minlandi. 12892 nafar yosh doimiy va jamoat ishlariga joylashtirildi. 9663 nafar yoshga 5542 ga. yer maydoni ajratildi. 2809 nafar yigit-qiz bandligini ta’minlash maqsadida 6429 million so‘m subsidiya ajratildi. 216 nafar yosh tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi orqali ish bilan ta’minlandi. 11068 nafar yoshning tadbirkorlik faoliyati uchun 270 milliard 313 million so‘m kredit ajratildi.

Shuningdek, 7864 nafar yosh kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilib, sertifikat berildi, 2212 nafar yigit-qiz "1+1" dasturi asosida tadbirkor va hunarmandlarga biriktirildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qashqadaryo filiali mutaxassislari tahliliga ko‘ra, 2022 yil davomida viloyatda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 22 488 nafar yoshning 21 447 nafariga (90,8 foiz reyting) amaliy yordam ko‘rsatilib, ijtimoiy muammolari hal etilgan.

“Yoshlar daftari” jamg‘armasiga 42,6 milliard so‘m mablag‘ shakllantirildi, 37,8 milliard so‘miga “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga amaliy yordam ko‘rsatilib, ijtimoiy muammolarini hal etish uchun sarflandi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 5488 nafar yoshning to‘lov-kontrakti, 1236 nafar yoshning safarbarlik chaqiruvi rezervi, 1044 nafar yoshning haydovchilik guvohnomasi uchun to‘lovlar berildi. Shuningdek, 4 035 nafariga mehnat qurollari uchun subsidiya ajratilgan va 1 420 nafarining davolanish xarajatlari qoplab berilgan. 663 nafar yosh NTMda kasb-hunar va tadbirkorlikka, 590 nafari “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida zamonaviy kasblar va chet tiliga o‘qitildi.

VILOYAT YOSHLARI SPORTDA HAM FAOL

Voleybol sport musobaqasining Respublika bosqichida 16-21 yosh toifasi bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Denov” MFY jamoasi 1-o‘rinni egallab, 100 million pul mukofoti bilan taqdirlangan bo‘lsa, yengil atletika musobaqasining Respublika bosqichida 16-21 yosh toifasi bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Shahrisabz tumanining “Chorshanbe” MFY jamoasi 1-o‘rin g‘olibi bo‘ldi.

“Besh bosqichli besh tashabbus” olimpiadasining 2-mavsumi mahalla-sektor-tuman hamda viloyat bosqichi o‘tkazildi. Jami 317 ming 590 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etgan musobaqalar davomida sportning 8 ta yo‘nalishi bo‘yicha 315 nafar yosh Respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Musobaqalarning 2-mavsumi, respublika (final) bosqichida viloyat yoshlari 10 ta oltin, 4 ta kumush, 9 ta bronza, umumiy hisobda 23 ta medal bilan respublikada faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida 14 milliard 823 million so‘mlik 15806 ta inventar, jihozlar va jamlanmalar ajratildi. Yoshlarning ta’lim olishlariga har tomonlama ko‘maklashish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida chet tillari bo‘yicha yuqori ball olgan yoshlarning xalqaro sertifikat xarajatlarini qoplab berish tizimi joriy etildi.

Buning hisobiga, 2022 yilning o‘zida chet tillaridan 7 va undan yuqori ball olgan 259 nafar yoshning 417,3 million so‘mlik xalqaro sertifikat xarajatlari qoplab berildi. Shuningdek, yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan 814ta mahallada “Qalqon” guruhlari shakllantirilib, ushbu guruhlarda mahallalarda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda yoshlar yetakchilari profilaktika inspektorlariga ko‘maklashishi belgilandi.

Qashqadaryo viloyatidagi mahallalarda jami 4900 nafar ko‘ngilli yigit-qizdan iborat “Qalqon” guruhlari tomonidan mahalla yetakchisi va profilaktika inspektori bilan hamkorlikda kunlik faoliyat yuritilib, 3681ta profilaktik tadbir tashkil etildi. 

Bu kabi amaliy ishlar natijasida mahalla hududidagi jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining barvaqt oldini olish, yoshlarni kelajak kasblariga qiziqtirish, kitobxonlikka jalb etishga hissa qo‘shildi.

Ma'lumot uchun, Yoshlar ishlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan ko‘plab yoshlarning o‘qish xarajatlari qoplab berildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 iyundagi “Nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 15 nafar yoshning o‘qish, o‘qish davridagi transport, asbob-uskuna xarajatlari subsidiya orqali to‘landi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan yoshlar ishtirokida ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Buxoro va Shahrisabz shaharlariga sayohat uyushtirildi. Viloyatda islohotlar davom etmoqda. Barcha amaliy sa’y-harakatlar zamirida “Inson qadri uchun”, degan ezgu g‘oya mujassam.

B.MELIQULOVA, O‘zA