FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatida yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan manzilli ishlar izchil olib borilmoqda.
Jumladan, mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan 14–30 yoshdagi jami 342 ming nafar yigit-qizning muammolari, qiziqishlari va bandlik holati xonadonbay o‘rganilib, har bir yosh bilan individual suhbatlashildi. Minglab yoshlarga ijtimoiy va moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.
—Maqsadimiz yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni faol hayotga jalb qilishdir, - deydi Jizzax viloyat Yoshlar ishlari agentligi rahbari Murodbek Rahmonberdiyev. — Xususan, band bo‘lmagan yoshlarni doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, tadbirkorlikka yo‘naltirish, imtiyozli kreditlar, yer maydonlari hamda asbob-uskunalar ajratish orqali o‘zini o‘zi band qilishi uchun sharoit yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bitiruvchi yoshlar uchun ishlab chiqilgan “Bandlik” dasturi doirasida o‘tgan yili mehnat bozoriga kirib kelgan 29 ming 814 nafar yigit-qizning 80,5 foizi bandligi ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich dasturning samarali amalga oshirilganidan dalolat beradi.
[gallery-27400]
Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan yilda yoshlar loyihalari uchun 73,4 milliard so‘m miqdorida bank kreditlari ajratilib, natijada 850 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA