Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismda yoshlar uchun vatanparvarlik tadbiri — “Harbiy qismda bir kun” loyihasi o‘tkazildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi, Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha viloyat Kengashi va Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik Kengashi hududiy bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.


Tadbirda 100 dan ortiq kursantlar va umumta’lim maktablarining o‘quvchilari ishtirok etishib, harbiy qismning kundalik faoliyati, xizmatchilar uchun yaratilgan sharoit va jangovar texnikalar bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, ular harbiy tayyorgarlik jarayonlari, qurol-aslahalar va ularning samarali qo‘llanilishi haqida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.


Yoshlar e’tiborini eng ko‘p tortgan jihatlardan biri — harbiy xizmatchilarning hamjihatligi, qat’iyatligi va texnika bilan ishlashdagi mahorati bo‘ldi.

– Bu loyiha yoshlar uchun nafaqat ma’lumot berish, balki ularni hayotiy tajriba bilan boyitish imkoniyatini ham yaratdi, – deydi loyiha rahbari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Azizbek Rahmonov. – Yoshlar davlat va armiyaning ahamiyatini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, o‘zlarida mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘ularini his qilishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri