Sirdaryoda yoshlar endi faqat tomoshabin emas, balki islohotlar sahnasidagi bosh g‘oliblardan biriga aylanmoqda. “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan ulkan maqsadlar sari ilgarilashda aynan ularning ishtiroki hal qiluvchi omilga aylangani tasodif emas.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida 4 ming nafardan ortiq yosh ishga joylashdi. IT va chet tillari sohasida bilim olib, sertifikatga ega bo‘lganlar soni 11 mingdan oshdi. 44 nafar yosh tadbirkorga jami 4,6 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu raqamlar ortida minglab taqdirlar, harakat, izlanish va umidlar turibdi.

– Biz yoshlarga ishonishimiz, ularga imkoniyat yaratishimiz va ularning g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashimiz zarur, – deydi viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Mirqodir Sadullayev. – “O‘zbekiston–2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda yoshlar asosiy tayanch va yetakchi kuch sifatida maydonga chiqmoqda.

Viloyat bo‘yicha 124 mingga yaqin yosh “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali chet tillarini bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ulardan 20 ming nafari sertifikat oldi. “Bir million dasturchi” va “Sun’iy intellekt yetakchilari” loyihalariga 27 mingga yaqin yosh qamrab olingan, bugungi kunda 2953 nafar yigit-qiz IT sohasida tahsilni davom ettirmoqda.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Zakovat”, “Yosh kitobxon oila”, “Yoshlar haftaligi” kabi tanlovlar orqali 40 mingga yaqin yoshlar qamrab olingan. Yozgi mavsumda esa 470 nafar bola sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oldi, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 2300 nafarga yetishi kutilmoqda.
E’tiborga molik jihat shundaki, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari orqali 2025 yilning olti oyida 380 dan ortiq muammoli masala ko‘tarildi. Ulardan 75 foizidan ziyodi o‘z yechimini topdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri