Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar akademiyasi: Andijonda qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?
11:59 / 2024-10-10

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi iqtidorli, ilm-fan yo‘nalishida ish olib borayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, olimlarning yangi avlodini shakllantirishga qaratilgan.

– Yoshlar akademiyasiga o‘zlarining innovatsion loyihalari va g‘oyalariga ega iqtidorli yoshlar, talabalar, 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalar tanlov asosida qabul qilinadi, – deydi Yoshlar akademiyasining Andijon viloyatidagi lideri va koordinatori Gulsevar Xo‘jamova. – Bugungi kunga qadar Yoshlar akademiyasiga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha birgina Andijon viloyatining o‘zida 10 ga yaqin saralash tanlovlari o‘tkazildi.  

Tanlovlarda ilmiy-innovatsion faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, ixtirochilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor, yetakchi, yangilikka intiluvchan, kreativ fikrlaydigan, o‘z startap va innovatsion loyihalariga ega bo‘lgan viloyatdagi professional, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, biznes-inkubator va akselerator dasturining 1000 nafarga yaqin bitiruvchisi, yosh tadbirkor, tadqiqotchi va innovator ishtirok etdi. Ular orasidan 400 nafarga yaqin iqtidorli talaba, startapchi, yosh olim va tadbirkor saralab olinib, a’zolikka qabul qilingan. 

[gallery-19677]

Joriy yilning o‘zida Yoshlar akademiyasiga qabul bo‘yicha  uch marta, ya’ni yanvar, aprel va may oylarida tanlovlar, a’zolikka da’vogarlarning loyiha taqdimotlari o‘tkazildi. Ularda o‘zining ilmiy-innovatsion hamda startap loyihalari bilan ishtirok etgan 55 ta jamoa orasidan eng yaxshilari saralab olindi. 

Yoshlar Akademiyasining hududiy liderlari, oliy ta’lim muassasalari liderlari, Andijon yoshlar texnoparki mutaxassislari tomonidan saralab olingan loyiha va startaplar, “InnoX” biznes-inkubator va akselerator dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan, innovator, innovatsion tanlovlarda g‘olib bo‘lgan, ixtirochilik qobiliyatiga ega 37 nafar iqtidorli yosh Yoshlar akademiyasi a’zoligiga qabul qilindi.

Andijon yoshlar texnoparkida o‘tkazilgan tadbirlar doirasida Yoshlar akademiyasiga qabul qilingan iqtidorli yoshlarga Yoshlar akademiyasining a’zolik sertifikati va nishonlari tantanali ravishda topshirildi. 

Yoshlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirish, keng jamoatchilikka tanishtirish, shuningdek, a’zolarning faolligini oshirish, yangi-yangi iqtidor sohiblarini jalb etish borasida ham keng ko‘lamli targ‘ibot, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Sentyabr oyida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat olib borayotgan talaba yoshlar, xususan, xotin-qizlar bilan ishlashni yangi bosqichga ko‘tarish, yo‘l xaritasini ishlab chiqish maqsadida Yoshlar akademiyasi Andijon viloyati liderlari, akademiya a’zolari, viloyat oliy ta’lim muassasalari prorektorlari, iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limlari boshliqlari, inkubator va akselerator dasturlarning mentor va trenerlari ishtirokida o‘tkazilgan o‘quv seminari ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.

O‘quv-seminarda ishtirokchilarga Yoshlar akademiyasining maqsad va vazifalari, a’zolikka saralash va qabul qilish, OTM, fakultet liderlari tizimini kengaytirish hamda ularning faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan kerakli ma’lumotlar berildi.

Seminar ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslardan kelib chiqib, ayni kunlarda Yoshlar akademiyasining Andijon viloyatidagi faoliyatini yuritish bo‘yicha yo‘l xaritasi tayyorlanmoqda. 

Shuningdek, viloyatda tashkil etilgan 1 nafar hududiy, 5 nafar OTM Yoshlar akademiyasi liderlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, samaradorligini yanada oshirish maqsadida Andijon yoshlar texnoparki va oliy ta’lim muassasalarida innovator, startapchi yoshlar, Yoshlar akademiyasi a’zolari uchun kovorking markazlari, kichik officlar tashkil etilgan. Andijonda lider sifatida ish olib borayotgan Yoshlar akademiyasi yetakchilari viloyatdagi innovator, startapchi yoshlarni innovatsion, tadqiqot faoliyatiga jalb etish yo‘lida ham samarali faoliyat olib bormoqda.

Yoshlar akademiyasiga qabul qilingan andijonlik yoshlar bugun nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz miqyosidagi mavjud muammolarning innovatsion yechimiga qaratilgan loyihalar ishlab chiqish, yurtimiz ilm-fan sohasi rivojiga o‘z loyihasi, ixtirosi bilan munosib hissa qo‘shish uchun tinimsiz izlanmoqda, ilmiy ishlar olib bormoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Andijon viloyati hokimligi tomonidan ana shu iqtidorli yoshlar tomonidan taklif etilayotgan innovatsion loyiha va startaplar doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Andijon davlat qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti magistri Murodil Ismoilovning aholi, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, kitob o‘qish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan “KITABB” startap loyihasini amalga oshirish uchun Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 798 million  120 ming  so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. 

Shuningdek, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika ko‘rik-tanlovi, “Bo‘lajak olim” innovatsion loyihalar, “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalar , “Ideaton-2030” ilmiy-innovatsion loyihalar va boshqa qator tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Andijon davlat tibbiyot instituti yosh olimi Islom Bektashevning “Aqlli tibbiyot”, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti magistri Arabboy Azimovning “MicroGes”, Namangan muhandislik va texnologiyalar instituti talabasi Gulshoda Ahmadjonovaning “Takomillashtirilgan Toshtutgich qurilmasi”, O‘zbekiston milliy universiteti magistri Shukrullo Foziljonovning  “Labs Online” loyihalari  O‘zbekiston Respublikasi  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, oliy ta’lim muassasalari hamda tanlov tashkilotchilari tomonidan 820 million so‘mdan ziyod miqdorida moliyalashtirildi va pul mukofoti bilan taqdirlandi. 

Bundan tashqari, yana o‘nlab andijonlik iqtidorli yoshlarning yuqoridagi kabi loyiha va startaplari moliyalashtirilgan bo‘lib, ular qator muammolarni bartaraf etish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. 

 Shuningdek, andijonlik Yoshlar akademiyasi a’zosi bo‘lgan iqtidorli yoshlar o‘tkazilayotgan turli tanlovlarda ham faol ishtirok etmoqda, g‘oliblar qatoridan joy olmoqda. Jumladan, 2022-2024 yillarda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining mamlakat bosqichida Andijon viloyatidan 60 nafar iqtidorli yoshlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. Ularning 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Yoshlar akademiyasi tomonidan yoshlarning ilmiy g‘oyalari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Bo‘lajak olim” tanlovining joriy yilgi saralash tanloviga 50 nafarga yaqin andijonlik Yoshlar akademiyasi a’zolari o‘z loyihalarini topshirdi. Taqdim etilgan loyihalarning aksariyati tanlovning 1-ekspertiza bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. 

Yoshlar Akademiyasi Andijon viloyati hududiy yetakchisi Gulsevar Xo‘jamova joriy yildagi samarali faoliyati uchun “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, Yoshlar akademiyasining Andijon viloyatidagi yetakchilari, a’zolari o‘zlarining faolligi va samarali faoliyati, turli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan innovatsion hamda startap loyihalari bilan Yoshlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirishga, andijonlik iqtidorli yoshlarni jipslashtirish, qo‘llab-quvvatlash ishiga munosib hissa qo‘shmoqda. 

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari.