Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh xodimlar bilim, tafakkur va hozirjavobligini sinovdan o‘tkazdi
16:11 / 2026-01-09

Surxondaryo viloyatida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan turli sport musobaqalari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

“Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida viloyat ichki ishlar organlarining yosh xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Brain ring” intellektual o‘yini ham ana shu sanaga bag‘ishlandi.

Unda boshqarmaning sohaviy xizmat va tuman, shahar ichki ishlar bo‘limlaridan 18 ta jamoa o‘z bilim va salohiyatini namoyish etdi.

Qiziqarli bahslarga boy bo‘lgan intellektual o‘yinda har bir jamoa tarix, huquq va boshqa sohalardagi savollarga belgilangan vaqtda tezkor fikrlab, javob berishga intildi. 

– Hozirjavoblikka asoslangan bellashuv tizimda xizmat olib borayotgan xodimlarning intellektual salohiyati, dunyoqarashi va ma’naviyatini yuksaltirishga ko‘maklashishi bilan barchada katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi bu haqda ma’lum qilgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari podpolkovnik Farhod Toshboyev. – Ularning kitobxonlik madaniyatini oshirib, notiqlik fazilatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Chuqur bilim, mantiq, tafakkur va tezkor javob berishni talab etgan o‘yin yakunida faxrli birinchi o‘rinni Sariosiyo tumani IIB yoshlari jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rin Angor tumani va uchinchi o‘rin Boysun tumani ichki ishlar bo‘limi yosh xodimlariga nasib etdi. 

G‘olib jamoalar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri