Jizzax viloyatida 18 yoshgacha bo‘lgan yigit va qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha viloyat kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Ikki kun davom etgan bellashuvlarda viloyatning shahar va tumanlaridan jami 26 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Qizlar o‘rtasidagi musobaqada Zarbdor tumanining voleybolchilari yuqori mahorat va jipslik namoyish etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Zomin tumanining qizlar jamoasi ikkinchi, Sharof Rashidov tumanining voleybolchi qizlari esa uchinchi o‘rinni egallashdi.

Yigitlar bahsi ham qizg‘in kechdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Paxtakor tumani voleybolchilari birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Sharof Rashidov hamda Baxmal tumanlari jamoalari mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Musobaqa yakunlangach, g‘olib va sovrindor jamoalar Jizzax viloyati IIB, viloyat voleybol federatsiyasi hamda viloyat sport boshqarmasi tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Ta’kidlash joizki, musobaqada kuchli uchlikdan o‘rin olgan jamoalar tarkibidan eng iqtidorli voleybolchilar saralanib, viloyat terma jamoasi shakllantirildi. Aynan shu terma jamoa respublika bosqichida Jizzax viloyatining sharafini himoya qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari