Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi sport maktabi maydonida U-19 yosh toifasidagi qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha Sirdaryo viloyati chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqa yuqori tashkiliy saviyada tashkil etilgan bo‘lib, viloyatda qizlar sportini rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholandi.
Chempionat yoshlar orasida voleybolni keng targ‘ib qilish, iqtidorli va istiqbolli sportchi-qizlarni aniqlash, ularning jismoniy tayyorgarligi va sport mahoratini mustahkamlashga qaratildi. Shu bilan birga, musobaqa sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yosh avlodni sportga keng jalb etishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Bellashuvlarda Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlaridan sport maktablari jamoalari ishtirok etdi. O‘yinlar davomida raqobat, murosasiz kurash va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq yaqqol ko‘zga tashlandi. Yosh voleybolchi qizlar har bir uchrashuvda texnik va taktik mahorati, jamoaviy hamjihatligi hamda sport intizomini namoyon etishdi.


Chempionat jarayonida zamonaviy voleybol talablariga mos o‘yin uslublari, tezkor harakatlar, aniq uzatmalar va hujumkor kombinatsiyalar kuzatildi. Musobaqa ishtirokchilar uchun nafaqat sinov maydoni, balki kelgusidagi sport faoliyati uchun ham muhim tajriba maktabi bo‘ldi.

Natijalarga ko‘ra, Sardoba tumani sport maktabi jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Boyovut tumani jamoasi ikkinchi, Sayxunobod tumani jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindorlar diplom va medallar bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, musobaqani yuqori saviyada tashkil etishda hissa qo‘shgan tashkilotchilar, murabbiylar va hakamlar hay’ati mehnati ham alohida e’tirof etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri