Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh vatanparvarlar yig‘inida 200 nafar yoshlarning kasbiy mahorati oshirildi
12:04 / 2021-02-03

Jizzax viloyati harbiy-ma’muriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamkorligida o‘n kun davomida o‘tkazilgan “Yosh vatanparvarlar” yig‘ini loyihasining ilk bosqichi yakunlandi.

Loyiha doirasida 200 nafar yoshlar kasbga yo‘naltirish, madaniy-ma’rifiy, huquqiy o‘quv seminarlari, turli tadbirlar va harbiy mashq maydonlarida tashkil etilgan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashdi.  

Yig‘in davomida sportning futbol, voleybol turi bo‘yicha “Viloyat hokimi sovrini”, harbiy estafeta, merganlik bo‘yicha “Qo‘mondon kubogi”, shaxmat-shashka, stol tennisidan “Prokuror kubogi”, arqon tortish, tosh ko‘tarish bo‘yicha “Viloyat ichki ishlar boshqamasi boshlig‘i kubogi”, “Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i kubogi” musobaqalari, “Quvnoqlar va zukkolar” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi.  

“Rahbar va yoshlar”, “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvlarida, Qurolli Kuchlar faxriylari bilan o‘tkazilgan “Avlodlar uchrashuvi” yoshlarning bugungi muammolari, orzu va intilishlari haqida samimiy muloqotlar bo‘ldi.  

Madaniy-ma’rifiy dasturlar doirasida Toshkent shahridagi Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga va “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, viloyat musiqali drama teatri tomoshalariga borildi. “Adabiy-badiiy kechalar, xalqimizning ulug‘ adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani yuzasidan kitobxonlar konferensiyasi kabi tadbirlar tashkil etildi.  

Loyiha tadbirlarida yoshlarning dunyoqarashlarini kengaytirishga, kasbga yo‘naltirishga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda tadbirkorlik, biznes yo‘nalishlarida o‘quvlar o‘tkazildi.  

O‘quv yig‘inning tantanali yakunida Jizzax viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, faxriylar va keng jamoatchilik vakillari bilan birga yig‘in ishtirokchilarining ota-onalari ishtirok etdi.

Marosimda 200 nafar ishtirokchilarga kasbiy mahoratni oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar, shundan 125 nafariga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishlari uchun imtiyozli kredit olishga yo‘llanmalar berildi.

Shuningdek, yig‘in davomida o‘tkazilgan sport musobaqalari g‘oliblariga viloyat hokimi, harbiy okrug qo‘mondoni, viloyat prokurori, IIB boshlig‘i hamda DXX boshlig‘i kubogi hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda so‘z olganlar “Yosh vatanparvarlar” yig‘ini yoshlar bilan ishlashga yangicha yoshdashuvning o‘zgacha tadbir bo‘lganligini ta’kidlab, uning ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilashdi.

Yakunda viloyat madaniyat boshqarmasi hamda harbiy orkestr jamoasining konsert dasturlari namoyish etildi.

“Yosh vatanparvar” yig‘ini yakuniga bag‘ishlangan tadbirlarda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev qatnashdi.  

T. BEKNAZAROV,  

J. YORBEKOV (surat), O‘zA