Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh vatanparvarlar yig‘ini
15:08 / 2022-02-15

Jizzaxdagi harbiy qismda 100 nafar yoshlar uchun 10 kunlik yig‘in boshlandi

Jizzax viloyati harbiy-ma’muriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan viloyatdagi harbiy qismda “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” loyihasining ikkinchi mavsumi boshlandi.

Unda 18-30 yosh atrofidagi 100 nafar yoshlar 10 kun muddatda jangovar, sport o‘yinlari, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik hamda kasbga yo‘naltirish bo‘yicha mashg‘ulotlarga jalb qilinadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan Jizzax viloyatida muqim ish joyiga ega bo‘lmagan yoshlar hamda ichki ishlar nazoratida bo‘lgan yoshlar ro‘yxati shakllantirildi va ulardan yuz nafari “Yosh vatanparvarlik yig‘ini”ning ikkinchi mavsumi ishtirokchisiga aylandi.

Bu yerda yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tomonidan turli mavzudagi treninglar o‘tkaziladi.

Jizzax viloyatidagi 12 ta tuman va Jizzax shahridan harbiylikka qiziqishi yuqori va asosiysi, o‘z istagiga ko‘ra yig‘inga kelgan yoshlarga harbiy liboslar berildi. Ular avval tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. So‘ngra guruhlarga bo‘lib, yotoqxonalarga joylashtirildi. Askarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat ta’minoti yo‘lga qo‘yildi.

“Yosh vatanparvarlar yig‘ini”ning ochilish tantanasida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev yoshlarni tarbiyalashda yangicha tizim joriy etilganini ta’kidlab, birinchi mavsumdagi yoshlarning bugungi kunda erishayotgan yutuqlari xususida to‘xtaldi va bu mavsumdagilar uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar va sharoitlar yaratilgani haqida so‘zlab yoshlarni ruhlantirdi.

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov yig‘in davomida jismoniy, axloqiy-ruhiy jihatdan yaxshi va a’lo ko‘rsatkichlar qayd etgan yoshlar okrug qo‘shinlarida kontrakt asosida xizmat qilishlari mumkinligini ta’kidladi. Buning uchun ular mart-aprel oylarida bir oylik xizmatga, may oyidan esa shartnoma asosidagi harbiy xizmatga qabul qilinishi xaqida gapirib, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istagi bo‘lgan yoshlarga imkon borligini ma’lum qildi.

Viloyat madaniyat boshqarmasining iste’dodli sana’tkorlari hamda folklor jamoalarining konsert dasturi ishtirokchilarga ilk kundayoq ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi mudofaasini boshqarish milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda armiya bilan birgalikda harbiy-ma’muriy sektorlar ham oldingi qatorlarda bo‘lishi va "Yosh vatanparvarlar yig‘ini"ni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidlagandi.

 

O‘zA