Motivatsiya!
Har bir inson bolaligida samoda parvoz qilayotgan samolyotlarga hayratu havas bilan qaragani, o‘zi ham parvoz qilishni yoxud uchuvchi bo‘lishni orzu qilgani shubhasiz. Osmonu falak uzra shiddat bilan yelayotgan uchoqlar hammani o‘ziga mahliyo qilishi rost. Kattadan-katta havo kemalarini minglab kilometr balandliklarga olib chiqish, uni boshqarib, bulutlar uzra parvoz qildirish hamisha hayratlanarli va ertaknamo tuyulgan.

Ammo uchoqlarni o‘ziga bo‘ysundirib boshqara olish o‘ta mas’uliyatli ishdir. Ayniqsa, turli vaziyatlarda tezkorlik bilan qaror qabul qilish, yuzlab yo‘lovchilarning hayoti va salomatligi uchun mas’uliyatni zimmaga olish har bir uchuvchidan katta mahorat va jasoratni talab etadi.
«Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyati Parvoz xizmati departamenti 3-uchuvchilar otryadi «A-320» havo kemasi uchuvchisi Asror Qambarov yosh bo‘lishiga qaramay, tengqur uchuvchilar orasida eng ko‘p uchishlarni amalga oshirgan, mahoratli uchuvchilardan biri. 7 yillik faoliyati davomida minglab yo‘lovchilarni o‘z manziliga sog‘-salomat yetkazishga mas’uliyat bilan yondashib kelayotgan Asror 3,5 ming sotlik uchishlarni amalga oshirgan.
U o‘z faoliyati davomida ko‘rsatgan natijalari tufayli shu yil 30 iyun — Yoshlar kunida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanib, davlat rahbarining qo‘lidan ushbu mukofotni olishga muyassar bo‘ldi.
Asror Qambarov 1996 yil Toshkent shahrida tavallud topgan. U bolaligidan uchuvchi bo‘lish orzusida ulg‘aydi. Bu bejiz emas. Chunki Asrorning otasi Avaz aka ham 42 yil davomida «Uzbekistan Airways»da faoliyat yuritgan mahoratli uchuvchi. Asrorda bu hayratlanarli kasbga bo‘lgan mehr-e’tibor, intilish va havas oiladan boshlangan, qondan o‘tgan. Otasining faoliyatidan zavqlanib, kasbiga havas qilib, uning izidan bordi.
— Latviya Respublikasining Riga shahrida Riga aeronavigatsiya institutini bitirganman, — deydi Asror. — So‘ng AQSHning Florida shtatida amaliyot o‘tadim. Shundan so‘ng «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatiga ishga qabul qilindim. Bugungi kunda «A-320» havo kemasida ikkinchi uchuvchi sifatida ishlab kelyapman. AQSHning Florida shtati Mayami shahrida birinchi parvozimni amalga oshirganman. O‘shanda ichki tuyg‘ularim shunday degan: “Uchuvchi bo‘lish orzuimga erishaman, men buni, albatta, uddalayman”. Ana shu tuyg‘u va ishonch bilan ushbu sohada faoliyat ko‘rsatyapman.
Faoliyatim davomida jami 3,5 ming soatlik uchishni amalga oshirganman. Har gal uchishga tayyorlanish davomida barcha hayajon va his-tuyg‘ularni yengib, diqqatni bir joyga jamlab, butun e’tiborni aviaqatnov davomida xavfsizlikni ta’minlash va uchishni xavf-xatarsiz, muvaffaqiyatli yakunlashga qaratamiz. Har safar ota-onamning duolarini olib, uchishga otlanaman. Qo‘nayotganda esa Vatanim, ota-onam bag‘riga qaytayotganimni his qilaman. Davlatimiz rahbari bilan uchrashganimizda, ko‘ksimga medalni taqib qo‘yayotganlarida millionlab yoshlarga nisbatan e’tibor va ishonchni tuydim. Shu bilan birga, yurtimiz kelajagi, mamlakatimiz aviatsiyasining ertasi biz yoshlar bilan bog‘liq ekanini ich-ichimdan his qildim.
Uchuvchilik mening qonimda bor. Otam mehnat faoliyatini uchuvchilik kasbida olib borib, pensiyaga chiqdilar. Ayni paytda «Uzbekistan Airways»da yosh pilotlarni tayyorlash bo‘yicha kurslarning bosh instruktori sifatida yoshlarga bilim beryaptilar.
Kelajakda kema sardori bo‘lib ishlash, mamlakatimiz aviatsiyasi ravnaqiga hissa qo‘shish istagidaman. Buning uchun bor kuch va mahoratimni ishga solaman. Umuman, bugun yurtimiz yoshlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Har bir tengdoshim o‘z orzu-niyatlari yo‘lida bilim olsa, harakat qilsa, albatta, ularga erishadi, — deydi yosh uchuvchi.
Darhaqiqat, ot izini toy bosar, deganlaridek, ota kasbini egallab, yoshligidan uchuvchilikka qiziqib ulg‘aygan Asror Qambarov bugun yosh uchuvchilar orasida eng mohirlaridan birigan aylangan. Uchuvchi parvoz davomida havo kemasining yuragi bo‘lish barobarida yuzlab, minglab yo‘lovchilarning hayotini, xavfsizligini ta’minlovchi mas’ul hamdir. Bunday mas’uliyatga o‘z vaqtida egallangan bilim va tajriba hamda mohirlik va jasurlik bilan javob bera olish mumkin. Ana shunday mahoratli yosh uchuvchi yurtdoshimizga musaffo osmonimiz uzra parvozlari bexatar bo‘lsin, deya tilak bildiramiz.
Muhtarama Komilova, O‘zA