French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tomoshabinlar uchun Yangi yil sovg‘asi
09:28 / 2025-12-15

O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida Yevgeniy Shvars asari asosida sahnalashtirilgan “Qor malikasi” spektaklining namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur teatr jamoasi Yangi yil bayrami uchun bolajonlarga o‘ziga xos teatrlashtirilgan ertak hozirlagani e’tiborga molik. Garchi “Qor malikasi” asarining kino va animatsion varianti yaratilgan bo‘lsa-da, uning sahnaviy talqinini tomosha qilish kichkintoylar uchun baribir maroqli va qiziqarlidir.  

Muzlagan yurakni, qotgan diydalarni faqatgina ezgulik, samimiy va mehrli so‘zlar bilan eritish mumkin. Ayni paytda mitti qizcha – Gerdaning jasorati, qat’iyati va ezgu maqsad yo‘lidagi dadil intilishi yosh tomoshabinlarni befarq qoldirmasligi aniq.    

–Bolalar tabiatan beg‘ubor qalb egasi ekani bilan birga, ezgulikka, yaxshilikka moyil bo‘ladilar, – dedi teatr adabiy emakdoshi Dostonbek Rahmatullayev. – Spektaklda mehr-muruvvat, iroda, qat’iyat va jasorat kabi fazilatlar bolajonlarga ta’sirchan  lavhalar, sersarguzasht voqealar vositasida taqdim etiladi. Sahna asari davomida zamonaviy video effektlar va  texnologiyalardan foydalanilgani spektaklning jozibadorligini yanada oshiradi.  

Sahna asarining postanovkachi rejissyori – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Malika Iskandarova. Rassom – Yevgeniya Biserova. Kompozitor – Bahodir Zokirov. Tarjimon – Dostonbek Rahmatullayev.  

Spektaklda rollarni Dilrabo Mirzayeva, Abdulloh Ismoilov, Feruza Avazova, Shavkat Isroilov, Barot Hasanov va boshqa  aktyorlar ijro etgan.  

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri