Yosh tennischilarimiz xalqaro turnirni g‘alaba bilan boshladi
Shri-Lankaning Kolombo shahrida tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan xalqaro turnirda mamlakatimiz sharafini Hamidjon Mansurov va Samira Kamolova himoya qilmoqda.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bahslarining ilk davrasida H.Mansurov mezbonlar vakili Nevan Kannangarani 6:1, 6:3 hisobida taslim etdi va ikkinchi davrada koreyalik Xyon Namga qarshi o‘yin o‘tkazadigan bo‘ldi.
Shuningdek, bugun Hamidjon juftlik bellashuvlarida neytral tennischi Aleksandr Chernuxin bilan tandemda koreyalik tennischilar Ji Xyon Ha va Yeon Jung dueti bilan kuch sinashadi.
Qizlar orasidagi juftlik bahslarida ishtirokini davom ettirayotgan Samira Kamolova neytral tennischi Mariya Markevich bilan birgalikda chorak final yo‘llanmasi uchun hindistonlik Ritu Gyan va Shri-Lanka vakili Yuxansa Peiris juftligiga qarshi raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA