Farg‘ona shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasidagi J100 tasnifiga kiruvchi “Fergana Cup” xalqaro musobaqasi o‘tkazilmoqda. Unda dunyoning 10 ga yaqin mamlakati tennischilari ishtirok etmoqda.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bellashuvlarida hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Akmal Abdullayev qozog‘istonlik Tair Sarmanovni 6:2, 7:6 hisobida mag‘lub etdi. Mahmudbek Beknazarov polshalik Viktor Yejga qarshi bahsda 6:3, 3:6, 6:3 hisobida g‘alaba qozondi. Shuningdek, Abdurahmon Karimov neytral maqomdagi tennischi Vladimir Kadobinega qarshi uchrashuvda birinchi setni 6:4 hisobida o‘z foydasiga hal etdi. Raqib ikkinchi setni davom ettirishdan bosh tortdi va mag‘lubiyatni tan oldi.
Bugun musobaqaning qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslari davom ettiriladi. Shahzoda Artiqboyeva qozog‘istonlik Arujan Nuranbayga qarshi kortga chiqadi. Madinaxon Salidjanova neytral maqomdagi Mariya Maslyakova bilan kuch sinashsa, Shahrinoz Muhammedova hindistonlik Rishita Reddi Basireddiga qarshi bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA