Bu yirik korporatsiyalar va monopoliyalarga qaramlikni kamaytirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va aholi bandligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yoshlar kirib kelayotgan bo‘lsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetishi kutilmoqda.
Shu bois yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb -hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlarni mahallada tashkil etish bo‘yicha vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 9 ming 500 mahallaga fidoyi va tashabbuskor yoshlar yetakchilari tayinlandi. Bu tizim orqali yoshlarga yuzdan ortiq imkoniyat yaratildi, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslari, startap - loyihalari va amaliy tadqiqotlari natijalarini ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashish, yosh tadbirkorlik sub’ektlarining sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Hududlarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etildi. Mazkur tizimda yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari uchun ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ularning sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi loyihalari, tashabbuslari va g‘oyalari amalga oshirilishida qulay shart-sharoitlar yaratildi.
«Startaplar» tashkil etish maqsadida biznes - inkubator vazifalarini amalga oshirish, yosh tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini barqaror rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirish, yoshlarga o‘z innovatsion ishlanmalarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish va natijalarini tijoratlashtirish, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish borasida amaliy yordam ko‘rsatish joriy etildi.
Band bo‘lmagan, shu jumladan, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta’minlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 13 iyundagi “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni bilan Yoshlar sanoat zonalarida yer maydonlari va bino-inshootlarni elektron onlayn - auksion orqali ijaraga berishda boshlang‘ich narxi bo‘yicha to‘lovlarni 12 oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati belgilandi.
Bugungi kunda mazkur zonalarda yosh tadbirkorlar tomonidan qiymati 2,1 trillion so‘mlik 860 investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 21 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Shu bilan birga, yana 184 gektar maydonda qiymati 2,1 trillion so‘mlik 1,5 mingdan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar ishga tushgach, 23 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ushbu zonalarda yosh tadbirkorlarning faoliyati yo‘nalishlari juda keng ko‘lamga ega ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika sanoati, hunarmandchilik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqalar shular jumlasidandir.
Yosh tadbirkorlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladigan kreditlar shartlariga to‘xtalsak, summasi 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, muddati 7 yil, foiz stavkasi 14 (milliy valyutadagi kreditlar uchun) foiz va valyutadagi kreditlar uchun esa 3 foiz stavka belgilangan.
Agar investitsiya loyihalari miqdori 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan ortiq bo‘lsa, ortiqcha qismi uchun ham kredit olinishi tartibi belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mamlakat taraqqiyotining muhim vositasi hisoblanadi. Zero, yosh tadbirkorlar yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali ishsizlikni kamaytiradi va aholi turmush darajasi oshirishga hissa qo‘shadi.
Yosh tadbirkorlar bozorga yangi g‘oyalar va innovatsion mahsulotlar yoki xizmatlar bilan kirib keladi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirishda bu juda muhim. Ishbilarmonlik muhiti yaxshilanishida zarur omil. Chunki ular, odatda, ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyotining asosi bo‘lgan kichik va o‘rta korxonalarni yo‘lga qo‘yadi. Bu korxonalar yirik korporatsiyalar va monopoliyalarga qaramlikni kamaytirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va aholi bandligini oshirishga yordam beradi.
N.Abduraimova, O‘zA