Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkorlarning safi kengayadi
15:18 / 2025-05-06

Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida Kogon tumani, “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar kichik sanoat zonasida tegishli mas’ullar, quruvchi hamda yosh tashabbuskorlar, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida mahorat sabog‘i bo‘lib o‘tdi.

Muhokamada yosh tadbirkorlarning loyiha-takliflari o‘rganildi. Takliflarni inobatga olgan holda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda auksion savdolarga chiqarish, yosh biznes vakillari talabiga muvofiq qurilish va asbob-uskuna xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.

– Kogon tumanida yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sanoat quvvatlarini ishga tushirish, ichki va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator loyihalar samarali amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat kichik sanoat zonalari va yoshlar kichik sanoat zonalari direksiyasi rahbari Feruz Xusenov. – Aynan “Tutkunda”dagi yoshlar kichik sanoat zonasi bu boradagi imkoniyatlarni yanada oshirib, ko‘proq ish o‘rni yaratish, mahsuldorlikni oshirish va ishchi jamoa moddiy manfaatdorligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Viloyat rahbari bu yerda o‘ttizdan ortiq yosh tashabbuskor tadbirkorlar bilan uchrashib, faoliyatni izchil yo‘lga qo‘yishga doir fikrlashib, mas’ullarga zarur tavsiyalarni berdi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi muhokamada yosh tashabbuskorlardan Sherzod Salomovning yevrozabor devori ishlab chiqarish, Aziz Soliyevning pena-blok, Laziz Fayzullayevning shlakoblok, Sohiba Ramazonovaning reklama ustuni tayyorlash, Shahzod Safarovning eshik, deraza romlar yasash, Dilmurod Bekmurodovning marmar toshga ishlov berish, Farhod Rahimovning parrandachilikni rivojlantirishga doir qator biznes loyihalari ko‘rib chiqildi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan vazifalar belgilandi. 

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan muloqotda shahar-tumanlar hokimlari, tegishli tijorat banklari va boshqa tashkilotlar mutasaddilariga hududlardagi yoshlar va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Viloyatning barcha shahar va tumanida, ya’ni 13 ta hududda bittadan, umumiy yer maydoni 37,8 gektarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda har bir hududda yoshlar uchun sanoat ipotekasi asosida tayyor ishlab chiqarish bino-inshootlarini qurib, yosh tadbirkorlarga kredit asosida berishga doir tavsiya va topshiriqlar berilgan. 

Jumladan, Buxoro shahrida 2,9 gektar, Romitan tumanida 2 gektar, Kogon va Shofirkon tumanlarida 1 gektardan, G‘ijduvon tumanida 2,3 gektar maydonda sanoat ipotekasi asosida tayyor bino-inshootlar qurilib, shu yilning sentyabr oyiga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.