English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkorlarning istiqbolli loyihalari amalda
16:00 / 2021-08-12

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarish, ayniqsa, yosh tadbirkorlarga ko‘maklashish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Partiyaning “Yosh muvaffaqiyatli tadbirkor” loyihasi ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlaridan biridir. Marhamatlik yosh tadbirkor Saydullo Karimov faoliyatini boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Biroq u bugun yaxshigina daromad topmoqda.  

Yosh tadbirkor o‘tgan yili o‘z xonadoni tomorqasidagi 5 sotix maydonda issiqxona barpo etish loyihasini taqdim etgan edi. Ushbu loyiha O’zLiDeP Marhamat tuman kengashi tomonidan ma’qullanib, unga imtiyozli kredit olish, issiqxona barpo etish ishlarida ko‘maklashildi.  

Qisqa vaqtda issiqxona qurilib, manzarali gul ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Birinchi yildayoq issiqxona katta doromad keltirdi. Ayni kunda yosh tadbirkor tomonidan yetishtirilayotgan o‘ndan ortiq turdagi manzarali gul ko‘chatlari ichki bozorda anchagina xaridorgir.  

O’zLiDeP Marhamat tuman kengashi Yoshlar qanoti guruhi tomonidan “Yosh muvaffaqiyatli tadbirkor” loyihasi doirasida tashkil etilgan davra suhbatida S. Karimov singari yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, tumanda ishbilarmonlik muhitini yaratish borasidagi ishlar, partiyaning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati muhokama etildi.

Tumandagi tadbirkorlikka qiziquvchi, o‘z biznesini boshlash arafasida turgan yigit-qizlar ishtirok etgan davra suhbatida muayyan yutuqlarga erishgan tadbirkor tomonidan mahorat darsi o‘tkazildi, shuningdek, Tadbirkorlar palatasi, bank mutaxassislari tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, biznes-loyihalar tuzish, imtiyozli kreditlar olish singari qator masalalarda ishtirokchilarga zarur ma’lumot va tushunchalar berdi.  

– Tadbirda tadbirkorlik borasidagi bilimlarim yanada boyidi, – deydi tadbir ishtirokchisi G.Qodirova. – Kasb-hunar kollejining tikuvchilik yo‘nalishida tahsil olganman. Mahallamizdagi hunarmandga shogird bo‘lib, tikuvchilik sirlarini yanada puxta o‘rgandim. Endi tikuvchilik yo‘nalishida o‘z tadbirkorligimni boshlamoqchiman. bugungi tadbirda berilgan tavsiyalar, olgan bilimlarim maqsadimni ro‘yobga chiqarishda albatta, yordam beradi.  

Partiya Yoshlar qanoti tomonidan o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar ko‘plab yoshlarga o‘z tadbirkorligini boshlash, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishiga yordam bermoqda.  

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA