Poytaxtimizda Yosh tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida hamkorlik kelishuviga bag‘ishlangan tadbir bo‘ldi.
Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar–kelajagimiz” jamg‘armasi va Biznes-ombudsman o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori A. Nazirov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A. Sa’dullayev, “Yoshlar –kelajagimiz” jamg‘armasi direktori X. Sattorov va boshqalar ma’ruza qildi.
Mamlakatimizda yoshlar tadbirkorlik faoliyatini boshlashini qo‘llab-quvvatlash, ularni ish o‘rinlari va barqaror daromad manbai bilan ta’minlash, yoshlarning huquqiy savdoxonligini oshirish ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri ekani ta’kidlandi.
Uch tomonlama hamkorlik doirasida “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, hududlardagi yoshlar bilan muntazam ravishda ochiq muloqot o‘rnatish, ularning tadbirkorlik sohasidagi huquqiy ongini oshirish va biznesini boshlash bo‘yicha ko‘nikmalarni o‘rgatish, buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilgan turli shakldagi tadbirlar o‘tkazish belgilandi.
S.Shoyeva,
O‘zA