Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi
13:10 / 2026-02-24

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida yoshlar bilan davom etayotgan muloqotida ta’kidlandi.

Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi.  

Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi.  

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Mening birinchi kasbim” dasturini boshlash topshirildi. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazib, ularga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.  

Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmagani uchun qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi.  

Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi.  

Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.

O‘zA