French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkorlar uchun imtiyozli kreditlar ajratish tartibi qanday?
16:35 / 2021-10-04

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Mehroj Botirov ishtirokida brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, xududlarda 188 ta «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi» tashkil etilgan. Ushbu zonalarda qiymati 2,7 trillion so‘mlik 1 ming 787 ta loyiha amalga oshirilmoqda va buning natijasida 37 ming 614 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.  

 bugungi kunga kelib «Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi» tomonidan 33 ta yosh tadbirkorga jami 16 milliard so‘mlik va 236,8 ming AQSH dollari qiymatidagi kredit ajratildi.  

 Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shahar va tumanlarda 805,6 gektar maydonda 219 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 100 million dollarlik mablag‘ga ega “Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tashkil qilinishi belgilangan. “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi”ni tashkil qilish Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksi bilan kelishilgan holda infratuzilma o‘tkazish oson bo‘lgan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonida amalga oshiriladi.  

 Mutaxassisning ta’kidlashicha, yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalari asosida biznes-reja ishlab chiqish tartibiga muvofiq, yosh tadbirkorlar loyiha biznes-rejasini ishlab chiqish va loyihani amalga oshirish uchun tegishli maslahatlar olish maqsadida Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida tashkil qilingan “Loyihalar fabrikalari”ga murojaat qiladi.  

 Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi “Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” mablag‘lari tijorat banklari orqali yoshlarning sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi investitsiya loyihalari uchun ajratiladi. Yosh tadbirkor kredit olish maqsadida “Loyihalar fabrikalari” yordamida yoki mustaqil ravishda ishlab chiqilgan biznes-reja va boshqa kredit hujjatlarni tijorat bankining hududiy bo‘linmasiga taqdim qiladi. Tijorat bankining hududiy bo‘linmasi 10 kun ichida loyiha hujjatlarini o‘rganib chiqib, kredit ajratish yoki ajratmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda, kredit ajratishda rad etish sabablari yosh tadbirkor uchun aniq bayon etilgan holda yozma ravishda xabar beriladi. Yosh tadbirkor rad etish sabablari sifatida kredit hujjatlarida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda tijorat banki hududiy bo‘linmasiga qayta kiritishga haqli.  

 Tijorat banklari tomonidan kredit barcha ta’sischilarining yoshi 30 dan oshmagan yuridik shaxslarga 100 ming dollar ekvivalentidan oshmagan miqdorda mablag‘larni 7 yilgacha muddat bilan taqdim etiladi. Bunda, jamg‘armadan tijorat banklariga moliyaviy resurslar milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha yillik 10 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha yillik 2 foiz stavkalari bilan taqdim etiladi.  

 Tijorat banklari yosh tadbirkorlarga milliy valyutadagi kreditlarni yillik 14 foiz (o‘z marjasi miqdorini 4 foizdan oshirmasdan), xorijiy valyutadagi kreditlarni yillik 3 foiz (o‘z marjasi miqdorini 1 foizdan oshirmasdan) miqdorida 1 yillik imtiyozli davr bilan ajratadi.  

 “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun tijorat banklari yosh tadbirkorlarga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kredit summasining 50 foizigacha miqdorida, biroq 500 million so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar beradi. Ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ziyod bo‘lgan sug‘urta tashkilotlari kredit summasining 50 foizigacha miqdorida, biroq 500 million so‘mdan oshmagan miqdorda, yillik 2 foiz stavkasida sug‘urta polisini taqdim etadi.  

  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA