Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkorlar safi kengaymoqda
16:25 / 2024-02-21

Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Mazlaxon Chandir” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada hududdagi A’zam Safarov boshchiligidagi “Narziyeva Nilufar”, Zohid Toyirov boshchiligidagi “Gulshan Toyirova” yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari, Komil Homidov rahbarligidagi “Zulxumor farm”, Shahobiddin Elmurodov boshchiligidagi “ShaxChandir”, Javlon Shonazarov boshchiligidagi “Kamronbek-1982” kabi MCHJlar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

– Bugungi kunda 4300 ga yaqin aholi istiqomat qilayotgan “Mazlaxon Chandir” mahalla fuqarolar yig‘inida aholiga savdo xizmati ko‘rsatayotgan jami 50 dan ortiq tijorat do‘koni, maishiy va umumiy ovqatlanish shoxobchasi bo‘lib, ayni vaqtda ulardan 20 dan ziyodi faoliyatini kengaytirish, bevosita xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish harakatida, – deydi tuman hokimining mazkur mahalladagi yordamchisi Amriddin Nasriyev. – O‘rganishlar jarayonida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, infratuzilmani yaxshilash, mavjud muammolar va tadbirkorlar murojaatlarini hal qilishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 

Jumladan, hududdagi 11-sonli umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binolariga joylashgan monomarkaz, tikuvchilik, payvandlash, mebelchilik sexlari faoliyati o‘rganilib, ulardagi tadbirkorlarga yaqindan yordam berish choralari belgilandi. Chunonchi, hududda yengil mashinalarga chexol, polik-qoplama va aksessuarlar tikib tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan “Kamronbek-1982” xususiy korxonasida bugun o‘ndan ortiq qishloq yoshlari ishlab, daromad topmoqda. 

– O‘z tadbirkorlik faoliyatimni 2006 yilda boshlagan edim, – deydi kichik korxona rahbari Javlon Xalilov. – Hozirda yillik aylanmamiz 1,5 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Imtiyozli kredit asosida tikuvchilik sexini kengaytirib, qo‘shimcha dastgohlar xarid qilishni, yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilganmiz. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.