Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkorlar safi kengaymoqda
12:31 / 2018-11-06

Mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani sohada ularning hissasi muttasil ortib borishiga xizmat qilayotir.


Mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani sohada ularning hissasi muttasil ortib borishiga xizmat qilayotir.

Qashqadaryo viloyatida ham yosh tadbirkorlar safi tobora kengaymoqda. Bu borada Prezidentimizning joriy yil 27 iyundagi farmoni bilan qabul qilingan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Gʻuzor tumanidan Zulxumor Tosheva yosh tadbirkorlardan. U 2016 yili tuman markazida kiyimlarni kimyoviy tozalash va dazmol qilish shoxobchasi tashkil etib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat boshlagan.

– Yoshligimdan tadbirkorlikka qiziqaman, lekin ishni nimadan boshlashni bilmay yurgan edim, – deydi Z.Tosheva. – Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tuman boʻlimiga maslahatga bordim. Ular kimyoviy tozalash shoxobchasi faoliyatini yoʻlga qoʻyishni tavsiya qilishdi. Darhaqiqat, oʻylab koʻrsam, tumanda birorta ham bu turdagi xizmat koʻrsatish shoxobchasi yoʻq ekan. Tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgach, ishni boshlab yubordik. Tuman hokimining qarori bilan qarovsiz binoni “nol” qiymatda berishdi. Uni taʼmirlab, Xitoydan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatdik. Hozir ishlarimiz yaxshi, mijozlarimiz koʻp.

Faslga qarab turli kiyimlardan foydalanar ekanmiz, kimyoviy tozalash xizmatiga ham albatta ehtiyoj boʻlaveradi. Shu maʼnoda, chekka hudud hisoblangan Gʻuzor tumani markazida bunday xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgani ayni muddaodir. Shoxobchada doim ish qizgʻin. Buyurtmalar juda koʻpaygan paytda yollanma ishchilar xizmatidan ham foydalanilmoqda. Shunday kezlarda tizimning avtomatlashtirilgani qoʻl kelmoqda.

2.jpg

Yosh tadbirkor birgina kimyoviy tozalash shoxobchasi bilan cheklanib qolmoqchi emas. Biznesini yanada kengaytirish, xususan, tikuvchilik sexi tashkil etish harakatida. Bu borada unga “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida taqdim etilayotgan imtiyozlar qoʻl kelayotir. Shuningdek, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi Gʻuzor tumani filialidan tikuvchilik binosini taʼmirlash, tikuv dastgohlari xarid qilish va tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 150 million soʻm kredit mablagʻi ajratildi.

– Tadbirkor doim harakatda boʻlishi kerak, – deydi Z.Tosheva. – Ajratilgan mablagʻ evaziga 6 dona zamonaviy tikuv dastgohi va boshqa kerakli uskunalar oldik. Sex uchun moʻljallangan binoni taʼmirlash ishlari oxirlab qoldi. Nasib etsa, sex ishga tushgach, oilaviy korxona shaklida ayollar va erkaklar liboslari ishlab chiqarishni boshlaymiz. Bu yana 6 nafar xotin-qizni ishli qilish imkonini beradi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi Gʻuzor tumani filiali tomonidan 21 yosh tadbirkorga 3 milliard 30 million soʻm kredit ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirga qadar 14 nafariga 2 milliard 285 million soʻm kredit ajratildi va buning natijasida 105 yangi ish oʻrni yaratildi.