Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkorlar qiymati 2,1 trillion so‘mlik 860 investitsiya loyihasini amalga oshirdi
19:28 / 2023-08-23

Mamlakatimizda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli yondashuvni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun amalga oshirilayotgan ishlar,  kelgusidagi rejalar haqida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i Javlon Nosirov quyidagilarni so‘zlab berdi:  

– Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2021 yil 21 aprelda qabul qilingan “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori buning yorqin misolidir.

Qolaversa, 2022 yil 13 iyunda davlatimiz rahbari “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Bu bilan yoshlar sanoat zonalarida yer maydonlari va bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berishda boshlang‘ich to‘lovlarni 12 oy muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyati berildi.  

Bugungi kunda mazkur zonalarda yosh tadbirkorlar tomonidan qiymati 2,1 trillion so‘mlik 860 investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Natijada 21 mingga yaqin yangi ishchi o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, yana 184 gektar maydonda qiymati 2,1 trillion so‘mlik 1 ming 579 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar ishga tushgach, 23 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Ushbu zonalarda faoliyat yo‘nalishlari keng ko‘lamli bo‘lib, yosh tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika sanoati, hunarmandchilik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari singari ko‘plab yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi mumkin.  

O‘zA muxbiri Mohigul Qosimova yozib oldi.