Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkorlar o‘quv-seminari
16:03 / 2025-05-23

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Nukus innovatsion texnologiyalar universitetida “Yosh tadbirkorga O‘zLiDeP yaqin ko‘makchi” loyihasi asosida “Kreativ iqtisodiyot” qobiliyatini biznesga aylantirish asosida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarda “Do‘stlik” ordeni sohibasi, hunarmand Biybisara Qunnazarova o‘z faoliyatini rivojlantirish orqali uni samarali biznesga aylantirish yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, milliyligimiz ramzi bo‘lgan qora uy bog‘ichlarini to‘qish usullari bo‘yicha yosh tadbirkorlarga mahorat darsi o‘tdi. Hunar o‘rganishga qiziqishi katta  bo‘lgan yoshlarni shogirdlikka bepul qabul qilishini ham bildirdi.

Tadbir davomida partiya tomonidan yosh tadbirkorlar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan amaliy ishlar, shuningdek, tuman soliq bo‘limi xodimlari ishtirokida Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, farmonga asosan, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining yiriklashuvini rag‘batlantirish maqsadida 2025 yil 1 maydan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda davlat boji undirilmaydi. O‘z faoliyatini tegishlicha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik sub’ektlariga bir yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplash (qaytarish) yetti kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab so‘nggi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromad 10 milliard so‘mdan oshmagan, byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi bo‘lmagan va muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan, “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada toifalangan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmasligi qayd etildi.

Seminar davomida yosh tadbirkorlarga farmon asosida ajratiladigan kreditlar va yaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan 20 nafarga yaqin yoshning loyihalari tinglanib, tegishli ma’lumot va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.

Tadbir davomida yosh tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri