Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yosh tadbirkorlar” forumi tadbirkorlarning ikki avlodini birlashtirdi
15:24 / 2024-06-20

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tashabbusi bilan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hamda “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamkorligida “Yosh tadbirkorlar” Respublika forumi o‘tkazildi.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” va 30 iyun – Yoshlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan forumda yosh tadbirkorlar, fermerlar, startapchilar ishtirok etdi.  

Forumda "Biznesni rivojlantirish banki", O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, "Yoshlar — kelajagimiz" jamg‘armasi vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.  

Forumning asosiy maqsadi yosh tadbirkorlar va yosh startapchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun muloqot platformasini yaratish, yoshlarni biznesga jalb qilish va ularning biznes loyihalarini moliyalashtirishni jadallashtirish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdan iborat. Shuningdek, yosh tadbirkorlar va yosh startapchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun muloqot platformasini yaratish, yoshlarni biznesga jalb qilish va ularning biznes loyihalarini moliyalashtirishni jadallashtirish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish maqsadida tashkil etildi.  

Forum doirasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB huzuridagi Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan yosh tadbirkorlar mahsulotlari va yosh startapchilarning innovatsion ishlanmalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi qarori asosida biznes loyihalari bank tomonidan moliyalashtirilgan yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.  

—Oilaviy korxonamizda Xorazm erkaklarining an’anaviy bosh kiyimlaridan cho‘girma, to‘garak, sherozi va silkima, po‘stin kabi 100 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqaramiz, — deydi Aminboy Abdullayev. – Ishlab chiqarilgan mahsulotlarimiz xaridorgir. Asosan mahsulotlarimizni xorijliklar olishadi. Yaqinda yosh tadbirkorlarga “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi”ga ko‘ra 100 million so‘mgacha kreditlar garovsiz, imtiyozli tarzda ajratilayotgani to‘g‘risida xabarni eshitdim. Bu imtiyozdan foydalanib, faoliyatimizni kengaytirish maqsadida "Biznesni rivojlantirish banki"dan garovsiz, imtiyozli 100 million so‘m kredit oldim. Bu mablag‘ga tikish mashinalari va teri xomashyosini xarid qildik. Natijada mahsulotlarimiz soni oshdi. Ilgari bir oyda 200ta mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda 350-400ta mahsulot ishlab chiqaryapmiz.  

[gallery-17921]

Bugungi forumda muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar bilan o‘zaro bilim, tajriba almashdik. Eng muhimi, bu forum tajribali tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga sharoit yaratdi.  

Tadbir ishtirokchilari yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida hali foydalanilmayotgan resurslar mavjudligini bildirib, yoshlarni biznesga faol jalb qilish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.  

Forum doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan suhbatlar, soha mutaxassislari bilan bevosita muloqotlar, yosh tadbirkorlar va yosh hunarmandlar mahsulotlari ko‘rgazmasi, yosh startapchilar ishlanmalari namoyishi bo‘lib o‘tdi.  

Shahnoza Mamaturopova,

Oybek Pardayev (surat), O‘zA