Yosh tadbirkorlar ehtiyojmandlarga “saxovat” qutilarini ulashdi
Koronavirus pandemiyasi tufayli karantin tartibi joriy etilgan bugungi sinovli kunlarda ehtiyojmand, kam taʼminlangan insonlar va oilalarga yordam koʻrsatishga imkoni boʻlgan yosh tadbirkorlar xayrli harakatda faol qatnashayotir.
Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 20-aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining toʻliq ishlashini taʼminlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan onlayn yigʻilishda xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olib ilgari surgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusi andijonlik yosh tadbirkorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.Koronavirus pandemiyasi tufayli karantin tartibi joriy etilgan bugungi sinovli kunlarda ehtiyojmand, kam taʼminlangan insonlar va oilalarga yordam koʻrsatishga imkoni boʻlgan yosh tadbirkorlar xayrli harakatda faol qatnashayotir.
Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazida “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan imtiyozli kreditlar asosida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan yosh tadbirkorlar viloyatdagi 700 ta kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilaga homiylik yordami siftida ulashish uchun “Saxovat” qutilarini topshirdi.
“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati orqali ulashiladigan “Saxovat” qutilari bir necha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy niqoblar hamda antiseptik vositalar bilan toʻldirilgan.
– Bugungi sinovli, qolaversa, muborak Ramazon kunlarida muhtoj yurtdoshlarimizga koʻmak berish biz uchun ham qarz, ham farzdir, – deydi Buloqboshi tumanidagi “And-tex” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor Sardorbek Abdurasulov. – Shu bois, Yurtboshimizda tomonidan ilgari surilgan umumxalq harakatida faol qatnashishga, ehtiyojmand oilalarga yordam koʻrsatishga qatʼiy ahd qilganman.
Bu kabi saxovatpesha yosh tadbirkorlar safi kundan kunga kengayib bormoqda.
Qoʻrgʻontepa tumanidagi “A-Abbosxonov chorvasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Asrorbek Abbosxonov ham ana shunday fidoyi yoshlardan biri. U ham pandemiya sharoitida koʻplab oilaga xomiylik qilishga bel bogʻladi.
Andijonlik yosh tadbirkorlar tomonidan olib borilayotgan bu kabi xayrli ishlar bugungi ogʻir kunlarda koʻplab muhtoj oilalarga katta yordam boʻlmoqda.