Yosh tadbirkorlar biznes-forumi
Buxoroda “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” shiori ostida yosh tadbirkorlarning biznes-forumi o‘tkazildi.
Buxoroda “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” shiori ostida yosh tadbirkorlarning biznes-forumi o‘tkazildi.Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda o‘quvchi-yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalarining 2016-yil 14-dekabrdagi qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida galdagi muhim vazifalardan biri kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlash, yalpi ichki mahsulot tarkibida ushbu soha ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat ekani, nega deganda, tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqishini ta’kidlar ekan, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, dedi.
Forumda ana shundan kelib chiqib, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Viloyat rahbariyati tomonidan o‘tkazilayotgan qabullar va sayyor qabullarda, uchrashuvlarda kichik biznes vakillari muammosi ham o‘rganilib, ular qonuniy hal qilinmoqda. Bunday e’tibor yosh tadbirkorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda ham namoyon bo‘layotir.
Biznes-forum doirasida 10 dan ziyod innovatsion g‘oya mualliflari va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarning loyihalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda ishbilarmon talaba-yu o‘quvchilar energiyatejamkor qozon, mo‘jaz issiqxona, tikuvchilik, boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z ishlanma va rejalarini namoyish qildi.
– Biz taklif etayotgan “aqlli issiqxona”ning o‘ziga xosligi shundaki, undagi datchiklar issiqxonadagi havo harorati hamda tuproq namlik darajasini aniqlab, u haqdagi ma’lumotni mikrokontrollyorga uzatadi, – deydi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti magistranti Tursunbek Jalolov. – Qurilma bu ma’lumotlarni tezlikda qayta ishlab, issiqxonaga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassisga taqdim etgach, inshoot ichkarisidagi harorat va namlik me’yor darajasiga keltiriladi. Komputer asosida ishlaydigan va qo‘l mehnatini yengillashtiruvchi qurilma uchun dasturiy ta’minotni ham o‘zim yaratganman. Ishlanmani yasashda foydalaniladigan texnologik konstruksiyalar tannarxining arzonligi ham yetishtiriladigan mahsulotga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.
Yoshlarning izlanish va takliflari tadbirda ishtirok etgan tashkilot-korxonalar rahbarlari, tijorat banklari, sarmoyador tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Forumda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.