French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkor yoshlar mehnat guzari qurmoqchi
17:42 / 2019-02-05

Yoshlar ittifoqi va Urgut tumani hokimligi uni qoʻllab-quvvatlaydimi?


Yoshlar ittifoqi va Urgut tumani hokimligi uni qoʻllab-quvvatlaydimi?

Prezident sovrini uchun anʼanaviy “Tashabbus” koʻrik-tanlovi 2018 yilda yangi mezonlar asosida oʻtkazildi. Tanlovni oʻtkazish tartibi oʻzgardi, asosiy nominatsiyalar ikkitaga koʻpaydi, qoʻshimcha nominatsiyalar qoʻshildi.

Urgut tumanida uch yildan buyon faoliyat olib borayotgan “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi boshligʻi, yosh tadbirkor Majidxon Islomov ham katta tadbirkorlar va tengdoshlari bilan tanishish, tajriba almashish maqsadida ushbu tanlovda qatnashdi. U ishlab chiqarayotgan erkaklar koʻylagi koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Uning ish uslubi, maqsad va rejalari hakamlarda qiziqish uygʻotdi. Balki shu bois, tanlov gʻoliblari eʼlon qilinayotganda uning nomi ham aytildi, yangi tashkil etilgan nominatsiya – “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” yoʻnalishi gʻolibi boʻldi.

Tanlovning viloyat bosqichida ham bu eʼtirof takrorlandi va Majidxon “Tashabbus – 2018”ning mamlakat bosqichida ishtirok etadigan boʻldi.

photo5391223150043310700.jpg

– Oilamizda tadbirkorlikka qiziqish katta, – deydi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi boshligʻi, yosh tadbirkor Majidxon Islomov. – Aka-ukalarim – barchamiz shu sohani tanlaganmiz. Birgina farqimiz – ular savdo-sotiq bilan shugʻullanadi, men esa ishlab chiqarish faoliyatiga qiziqaman va shunga intilganman. Shu sababli Turkiyadan tikuv mashinalari va boshqa jihozlar keltirib, 2016 yilda koʻylak ishlab chiqarishni boshladim. Chunki nafaqat Urgutda, balki viloyatimiz, yurtimizda ham ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchilar barmoq bilan sanarli, agar ish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, yaxshi biznes yuritish imkoniyati paydo boʻlishini bilardim.

Dastlab Turkiyadan kelgan mutaxassis ish oʻrgatdi, asosan yosh yigit-qizlarni yonimga oldim. Ular murakkab boʻlmagan uskunalarni ishlatish koʻnikmasini tez oʻzlashtirdi, qoʻllari kelishib qoldi. Bejirim koʻylaklar ishlab chiqara boshladik. Mahsulotni asosan Urgut bozoridagi sotuvchilar orqali savdoga chiqardik. Keyin ularning oʻzlari buyurtma bera boshladi. Bozorda oʻz oʻrnimizni topgach, mahsulot turini koʻpaytirishga eʼtibor qaratdik. Korxonamizda ishlovchilar ham 30 kishiga yaqinlashib qoldi. Samarqand va Toshkent shaharlaridagi tadbirkorlar bilan hamkorlik qila boshladik. Bu orada ISO-9001 sertifikatini olib, imkoniyatlarimiz yanada kengaydi.

Odatda tanlov yoki koʻrgazmaga kelgan tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlari namoyishi bilan cheklanadi. “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi vakillari esa “Tashabbus”ning mamlakat bosqichida ham oʻzlari ishlab chiqarayotgan va koʻrgazmaga olib kelgan koʻylaklarni qaytarib olib ketmadi, sotib ketdi.

– Xorijda oʻtgan koʻrgazmalarda yoki tekstil korxonalari faoliyati bilan tanishganimda ular mahsulot realizatsiyasida oʻziga xos uslubdan foydalanishiga guvoh boʻlganman, – deb soʻzida davom etadi M.Islomov. – Koʻrgazma davomida texnologiya yoki mahsulotni oʻsha yerning oʻzida sotib olishingiz mumkin. Yoki korxonaning yonida savdo doʻkoni, mijozlarni qabul qiladigan joylar bor. Bu yerda sizning buyurtmangizga qarab kiyim-kechakni tayyorlab berishadi. Biz ham ana shunday yoʻl tutishga harakat qilyapmiz. Ammo hozircha joy masalasida biroz muammolar borligi uchun oʻz savdo nuqtamizga ega emasmiz. “Tashabbus”ning mamlakat bosqichida poytaxtimizda mahsulotlarni namoyish etish bilan birga, oʻsha yerning oʻzida korxonamizdagi ishlab chiqarish jarayonini koʻrsatib berdik. Tayyor mahsulotni sotdik va 30 ga yaqin tadbirkor bilan kelishuvga erishdik.

Oʻtgan yili yurtimizda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilinib, yoshlarga tadbirkorlik uchun juda katta imtiyoz va yengilliklar berildi. Oʻzim ham Yoshlar ittifoqi faoliyatida qatnashib turishim tufayli, aytishim mumkin, bu yoshlarni tadbirkorlikka oʻrgatishda muhim oʻrin tutadi. Dasturda belgilangan chora-tadbirlar bilan tanishib, Urgutda davlat-xususiy sheriklik asosida yoshlar mehnat guzari tashkil etishga ahd qildim. Hozir tegishli hujjatlarni toʻplab, komissiyaga taqdim etganman. Agar ijobiy xulosa berishsa, tumanimiz yoshlarini kasb-hunarga oʻrgatish, ularning bandligini taʼminlashga xizmat qiladigan zamonaviy maskan tashkil qilmoqchiman. Shu yerda oʻzim oʻylagan, xorijdan oʻrganib kelgan koʻplab yangi reja va loyihalarni ham amalga oshirish niyatim bor.

Darvoqe, yosh tadbirkor yil boshida 20 ta zamonaviy tikuv mashinasi va boshqa jihozlar xarid qilib, faoliyatini kengaytirmoqda. Bu yana qoʻshimcha 30 ga yaqin ish oʻrni degani.

Oʻnlab yoshlarni tadbirkorlikka oʻrgatish, ularni ish bilan taʼminlash va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni oʻz oldiga maqsad qilgan Majidxonning loyihalarini Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Urgut tumani hokimligi qoʻllab-quvvatlaydi, deb ishonamiz...