Navoiy shahridagi Yoshlar markazida Yoshlar ishlar agentligi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki hamkorligida “Yosh tadbirkor” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida tashkil etilgan tanlovda 1125 nafar 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalari uchun zarur kredit mablag‘lari ajratilishini so‘rab oilakredit.uz manzili orqali ariza qoldirishgan edi.

To‘rt bosqichda, jumladan, mahalla, tuman (shahar), hudud va respublika bosqichida tashkil etilayotgan tanlovda arizalari ijobiy baholangan va mahalladagi hokim yordamchilari tomonidan tasdiqlangan ishtirokchilar uchun moliyaviy savodxonlik darajasini aniqlash bo‘yicha 20 ta savoldan iborat test sinovi o‘tkazildi. Test sinovida 60 va undan yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar tanlovning viloyat bosqichiga o‘tkazilgan edi.
Viloyat bosqichida 19 nafar yosh o‘zlarining innovatsion, startap va biznes loyihalari bilan ishtirok etdi.

– Tanlovga chorvachilikni rivojlantirish maqsadida yirik shoxli qoramol sotib olgan holda aholini sut va sut mahsulotlari bilan ta’minlash loyihasini taqdim etgan edim, – deydi “SMETAN CITY 9999” xususiy korxonasi ta’sischisi Islombek Egamberdiyev. – Loyihaning umumiy qiymati 145 million so‘m bo‘lib, uning 100 million so‘mi bank krediti hisobiga amalga oshiriladi. Hisob kitoblarga ko‘ra, 7 yilda loyiha doirasida qilingan xarajatlar qoplanadi. Biznes rejamizga asosan kredit mablag‘i hisobiga yirik shoxli qoramol xarid qilinishi quyidagi imkoniyatlarni yaratadi. Birinchidan, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish natijasida mahsulot yetishtirish tannarxi pasaysa, ikkinchidan, yangi ish o‘rinlari yaratilib, byudjetga tushumlar ko‘payadi.
Tanlov yakunida biznes loyihasi boshqalarga nisbatan mukammal deb topilgan 5 nafar yosh respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri