French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh tadbirkor: mahalliy xomashyodan xalqaro bozorgacha
15:56 / 2026-03-02

Buxoro tumanidagi “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan “Anvar Avaz Aziz” mas’uliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda mahalliy xomashyoni yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksportbop mahsulotga aylantirayotgan ilg‘or korxonalardan biriga aylanib ulgurdi.

Korxona asosan uzumni quritish, qayta ishlash va qadoqlash yo‘nalishida faoliyat olib boradi. Ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, mahsulotlar sifat standartlariga to‘liq javob beradi. Mahalliy bozor bilan bir qatorda tashqi bozorlarga chiqish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqin vaqtlarda Xitoy Xalq Respublikasidan 100 ming AQSH dollari qiymatidagi zamonaviy uskunalar olib kelinib, ishlab chiqarish quvvati sezilarli darajada oshirildi. Ushbu texnologiyalar mahsulot sifati, sanitariya talablari, qadoqlash jarayoni va logistika samaradorligini tubdan yaxshilash imkonini berdi. Eng muhimi, bu uskunalar korxonaning xalqaro standartlar asosida ishlashini ta’minlab, eksport geografiyasini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Shuningdek, tadbirkor tomonidan 500 tonna sig‘imga ega zamonaviy muzlatkich- omborxona qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu infratuzilma xomashyoni sifatli saqlash, mavsumiylikka bog‘liqlikni kamaytirish, yil davomida uzluksiz ishlab chiqarish hamda eksport hajmini barqaror oshirishga xizmat qilmoqda.

–Joriy yilda 400 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan, –deydi korxona rahbari yosh tadbirkor Avaz Xayriyev. –Maqsad kelgusi yillarda esa bu ko‘rsatkichni 500 ming dollarga yetkazish. Biz mahallada uzumchilik an’anaviy soha ekanini ko‘rib, xomashyoni shunchaki sotish emas, balki qayta ishlash orqali qiymat zanjirini yaratish kerak, degan fikrga keldik. Shu maqsadda quritish, qadoqlash va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Asosiy g‘oya  mahalliy mahsulotni xalqaro standartlarga mos holda tayyorlash edi.

Bu faqat bir korxona yutug‘i emas, balki mahalla iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlar bandligini ta’minlash va hudud eksport salohiyatini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Bugun “Sohibkor” mahallasida shakllanayotgan bunday tashabbuslar Yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, mehnat, intilish va to‘g‘ri strategiya orqali katta marralarni zabt etish mumkinligini yaqqol namoyon etmoqda.

Zarif Komilov,

O‘zA muxbiri