Yosh tadbirkor deputat koʻmagida kredit oldi
Shu bois ushbu hududdan saylangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Joʻrabek Bekchanovga bankdan kredit olishda yordam soʻrab murojaat qildi.
Toʻrtkoʻl tumani “Toʻrtkoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Munisa Egamberdiyeva Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Joʻrabek Bekchanov koʻmagida imtiyozli kredit olishga muvaffaq boʻldi.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni sogʻlom va barkamol qilib tarbiyalash borasida koʻplab farmon va qarorlar qabul qilinib, ularga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Shunga qaramasdan 27 yoshli Munisa tadbirkorlik faoliyatini boshlashda mablagʻdan ancha qiynaldi. Shu bois ushbu hududdan saylangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Joʻrabek Bekchanovga bankdan kredit olishda yordam soʻrab murojaat qildi.
Deputat yosh tadbirkorning maqsadi va kelgusi rejalari bilan yaqindan tanishdi. Xalq vakili murojaat yuzasidan aksiyadorlik tijorat “Agro bank”ning tuman filialidan “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturi asosida 20 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olishda amaliy yordam koʻrsatdi.
– Bu menga haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi, – deydi Munisa Egamberdiyeva. – Murojaatim ijobiy hal qilingani uchun deputatga oʻz minnatdorligimni bildiraman. Maqsadim tumanda parrandachilikni rivojlantirib, yoshlarning bandligini taʼminlash. Tengdoshlarimga maslahatim hozirgi pandemiya davrida uyda boʻsh oʻtirmasdan oʻzini-oʻzi band qilib tadbirkorlik bilan shugʻullansin.