Farg‘ona shahrida gulchilik klasteri tashkil etildi. Ko‘chatchilikda boy tajribaga ega quvaliklar atirgul yetishtirish texnologiyasini ham yaxshi o‘zlashtirgan.
Hozirda 15 mingdan ziyod xonadon gulchilik bilan shug‘ullanmoqda. Joriy yilda tumanda 43 milliard so‘mlik loyiha evaziga 4 ta gul va manzarali ko‘chatchilik kooperatsiyasi tashkil etildi. Bu bilan qishloq hududlarida 2 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 5 million dona gul va ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Asosiysi, Quvada yiliga gulchilikdan 2,2 million dollarlik mahsulotlar xorijga eksport qilinadi. Gulchilik oilalarning yaxshi daromad manbaidir. “Yangiqishloq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi G‘ayratjon Sultonov sohaning haqiqiy mirishkori. U dastlab 7 sotix tomorqasida 8 ming tupdan ortiq atirgul ko‘chatini yetishtirish bilan shug‘ullangan. Hozirda esa faoliyatini kengaytirib, “Vodiy turfa gullari” mas’uliyati cheklangan jamiyati kooperatsiyasini yo‘lga qo‘ydi.
“Yangiqishloq”, “Soyguzar”, “Qo‘rg‘oncha” mahallalarida 200 dan ziyod xonadonlardagi aholi bandligini ta’minladi. 400 million so‘m kredit evaziga tomorqalarga atirgul urug‘larini va ko‘chat parvarishlash uchun o‘g‘it, kimyoviy vositalar, payvantag yetkazib berishni boshladi. O‘tgan yilda tadbirkor 1 million 568 ming dollarlik 1,2 million tup atirgul ko‘chatlarini Germaniya, Rossiya, Polsha, Latviya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari bozorlariga yetkazib berdi.

Tumandagi asosiy gul yetishtiruvchilar hududi bo‘lgan “Qoraqum” mahalla fuqarolar yig‘inida esa Umidjon Bozorov tashabbus ko‘rsatib, loyiha qiymati 2,5 milliard so‘m bo‘lgan gulchilik kooperatsiyasini amalga oshirmoqda. 20 gektar maydonda gul yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Hozirda 5 gektar maydonga atirgul ko‘chatlari ekildi, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etildi. Shuningdek, aholi bilan shartnomalar tuzilib, tomorqalarida gullar parvarishlanmoqda.

Gul yetishtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar kooperatsiya tomonidan amalga oshiriladi. “Xonobod” mahalla fuqarolar yig‘inida xonadonlarda yiliga 1 million donadan ziyod atirgul ko‘chatlari tayyorlanmoqda. Mahallada istiqomat qiluvchi Muhriddin Akbarov 4 sotix maydondagi issiqxonada va bundan tashqari ochiq tomorqa hududida atirgul yetishtirib, yiliga 50-60 million so‘m miqdorida daromad olmoqda.
– Oldin Rossiyaga borib ishlab kelar edim. 2019 yildan gul yetishtirishni boshladim. Tomorqada 3-4 kishi doimiy ish bilan band bo‘lmoqda. Daromad yaxshi bo‘lgani uchun endi chet elga borib ishlashga hojat qolmadi, – deydi yosh tadbirkor.

M.Sulaymonov, O‘zA