O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi xabariga ko‘ra, terma jamoamiz a’zosi Eleonora Shiriyeva Polshada U-11 yosh toifasidagi xalqaro turnirda bronza medali sohibiga aylandi.
O‘z guruhidagi saralash bahslarining barchasida g‘alabaga erishib, 1-o‘rinni egallagan hamyurtimiz yarim finalgacha bo‘lgan musobaqalarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Final ostonasida polshalik raqibiga kichik hisobda yo‘l berdi va xalqaro turnirni 3-o‘rin bilan yakunladi.

Germaniyaning Berlin shahrida kechgan xalqaro turnirda Alixon Kamolov U-11 yosh toifasida o‘z guruhida 2-o‘rin bilan pley-offga chiqdi. Saralash bellashuvlarini omadli o‘tkazib, yarim finalda ruminiyalik tengquri bilan teng kurashlar ostidagi o‘yinda bronza medali bilan kifoyalandi.
E’tiborli jihati, Alixon va Eleonoraning Yevropa davlatlaridagi nufuzli musobaqalarda zafar quchishi yurtimizda stol tennisining yangi navqiron avlodlari yetishib kelayotganligini ko‘rsatmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA