Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh stol tennischilarimiz ITTF mutaxassisi Yusuf Rabi qo‘l ostida shug‘ullandi
13:01 / 2023-11-18

O‘zbekiston ctol tennisi federatsiyasi mamlakat bo‘ylab yosh sportchilar va murabbiylarning malakasini oshirish maqsadida “U13”, “U15” yosh guruhlari uchun Milliy yoshlar o‘quv-mashg‘ulot lagerini tashkil qildi. Unda yosh stol tennischilar o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazdi.

Oqtosh hududidagi “G‘azalkent” bolalar oromgohida tashkil etilgan Milliy yoshlar o‘quv-mashg‘ulot lagerida 14 ta viloyatdan 32 nafar (17 o‘g‘il va 15 qiz) stol tennischilar va ularning murabbiylari taklif etildi. Yig‘inda Saudiya Arabistoni  o‘smirlar terma jamoalari bilan ishlayotgan misrlik Xalqaro stol tennisi federatsiyasi (ITTF) mutaxassisi Yusuf Rabi boshchiligida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar ikki guruhda o‘tkazilib, kuniga to‘rt mahal davom etdi. Stol tennischilar mashg‘ulot davomida texnik va taktik hamda amaliy-nazariy mashqlar orqali o‘z mahoratlarini oshirdi.    

– ITTF mutaxassisi  Yusuf Rabi tomonidan tashkil etilgan mashg‘ulotlar sportchi va murabbiylarimizning tajribalari oshishiga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi mutaxassisi Nodira Burxonxo‘jayeva. – Hozir stol tennisi bo‘yicha yoshlarni tayyorlash va mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘yicha yangi uslublar joriy etilgan. Federatsiyamiz tomonidan tashkil etilgan yig‘inda yosh tennischilarimiz va ularning murabbiylari ushbu uslublarni o‘zlashtirdi. Kelgusida Yusuf Rabiga o‘xshagan tajribali xalqaro toifadagi murabbiylarni yurtimizga olib kelishni rejalashtirmoqchimiz. Bundan ko‘zlangan yagona maqsad stol tennisi bo‘yicha navqiron avlodning tajriba va mahoratlarini oshirgan holda nufuzli musobaqalarda yuksak marralarni zabt etishdir.  

Darhaqiqat,  bugun stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston yoshlari “WTT Youth Contender”  musobaqalarida muntazam ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishmoqda. Ularning nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilishida mamlakatimiz stol tennisi federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan samarali ishlar yotibdi.  

Jumladan, oktyabr oyida O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi tomonidan “Markaziy Osiyo umidlari” haftaligi va “Challenge”  musobaqasi muvaffaqiyatli tashkil etilgan edi. Shuningdek, 2024 yilning avgust oyida mamlakatimizda yoshlar o‘rtasidagi birinchi “WTT” turnirini Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.    

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA