Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh sportchilarimiz VII «Osiyo bolalari» sport o‘yinlariga yo‘l oldi
17:20 / 2022-07-27

Bugun, 27 iyul kuni tunda O‘zbekiton sport delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida o‘tadigan VII «Osiyo bolalari» sport o‘yinlarida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.

Mazkur oʻyinlar 1996-yili zamonaviy Olimpiya harakatining 100-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan boʻlib, har toʻrt yilda bir marta oʻtkaziladi.

Yettinchi bor oʻtkazilayotgan Osiyo bolalari sport oʻyinlarida 12 ta davlatning 1355 nafar yosh sportchilari 19 sport turidagi 273 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishadi.

Maʼlumki, Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtishi kerak boʻlgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarining epidemiologik vaziyat tufayli bir yilga kechiktirilishi Vladivostokda boʻladigan ushbu oʻyinlar hamda Turkiyaning Konya shahrida tashkil etiladigan Islom birdamligi oʻyinlarini qitʼa davlatlari uchun yilning asosiy sport tadbirlari maqomiga koʻtardi.

Tashkiliy qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, Vladivostok sport maydonlarida oʻz sport turlari boʻyicha jahon va qitʼa chempionlari boʻlgan, nufuzli musobaqalarda gʻoliblikka erishgan 200 nafardan ziyod sportchi yoshlar qatnashishi uchun roʻyxatdan oʻtgan.

Vladivostok oʻyinlarida Oʻzbekistonning 174 nafar yosh sportchisi dasturdagi badminton, basketbol (3x3), boks, kurash, dzyudo, yengil atletika, mas-restling, mini-futbol, stol tennisi, suzish, sohil voleybol, miltiqdan oʻq otish, sambo, sport kurashlari, kamondan otish, taekvondo va badiiy gimnastika sport turlari boʻyicha ishtirok etishi kutilmoqda. Yaʼni umidli va isteʼdodli sportchilarimiz 17 ta sport turida Vatanimiz sharafini himoya qilishadi.

Osiyo bolalari sport oʻyinlari dasturiga binoan musobaqalarni sohil voleybolchilari 28-iyuldan boshlab berishadi. Aynan shu kuni toʻrt yillik oʻyinlarning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.

29-iyuldan stol tennisi, badiiy gimnastika, basketbol 3x3, suzish bellashuvlariga start beriladi.

Eslatib oʻtamiz, yurtimiz yosh sportchilari 2008-yili Rossiyaning Yakutsk shahrida oʻtgan “Osiyo bolalari” sport oʻyinlarida ilk bor qatnashgan. Vakillarimiz oʻsha oʻyinlarda 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallariga musharraf boʻlgan holda 16 ta davlat orasida umumjamoa hisobida 7-oʻrinni egallagan.

T. Roʻziyev, OʻzA.