Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni jismoniy tarbiyaga jalb etish, shuningdek, “Besh tashabbus” va “Olimpiyada cho‘qqisi” loyihalari asosida musobaqalar tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar natijasida oxirgi to‘rt yilda sport bilan shug‘ullanuvchilar soni 800 nafardan 3 ming nafarga ortib, futbol, voleybol, basketbol, velosport, o‘zbek jang san’ati, kamondan o‘q otish, erkin kurash kabi sport turlari keng ommalashdi.
E’tiborli jihati, Sardobada yetishib chiqayotgan yoshlar xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etmoqda. Xususan, shaxmat bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Bahrom Bahrillayev shu maktabdan yetishib chiqqan. Bundan tashqari, Olimpiya sport turlari bo‘yicha 4 nafar, noolimpiya yo‘nalishida 12 nafar sportchi jahon chempionatida, 14 nafar sportchi Osiyo miqyosida muvaffaqiyat qozongan.

Po‘lat Usmonov tomonidan asos solingan o‘zbek jang san’ati sport turi ham Sardobada keng tarqalmoqda. Hozirda tumanda 500 nafarga yaqin yoshlar ushbu sport turi bilan shug‘ullanmoqda. 11 nafar murabbiy ushbu mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etib kelmoqda.
Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi tashabbusi bilan OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun Sardoba tumanida tashkil etilgan press-turda batafsil ma’lumot berildi.

– Yetti yo‘nalishdan iborat bo‘lgan o‘zbek jang san’ati yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda, — deydi O‘zbekiston sport ustasi Munavvar Norboyeva. — Shogirdlarim orasida 20 nafar Osiyo, 10 nafar jahon chempionlari bor. Ulardan biri — Dilshod Ahmedov jahon chempionatining saralash bosqichida g‘olib bo‘lib, jismoniy tarbiya va sport institutiga imtiyozli tarzda qabul qilindi. Bu yutuqlar ortida mehnat, fidoyilik va keng qo‘llab-quvvatlash yotadi.

So‘nggi uch yilda “Besh tashabbus” va “Olimpiyada cho‘qqisi” musobaqalarida sardobalik yoshlar 6 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu yutuqlar e’tiborsiz qolmadi. Chempionlar yetishib chiqqan Zomin, Birlik va Xalqobod mahallalarida Sport vazirligi tomonidan 3 ta universal sport maydonchasi barpo etildi.

– Biz bu bilan chegaralanib qolmaymiz, — deydi tuman sport maktabi direktori To‘lqin Nizomov. — So‘nggi bir yarim yilda “Tashabbusli byudjet” doirasida 5 marta g‘olib bo‘lib, usti yopiq sport zali, 800 million so‘mlik sport jihozlari, 12 o‘rinli 2 ta mikroavtobusga ega bo‘ldik. Hozirda 1 milliard 200 million so‘mlik mablag‘ hisobiga markaziy stadionga sun’iy qoplama, ikkita bessedka va rezina yo‘laklar qurish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, tumanda muntazam ravishda mini-futbol, voleybol, shaxmat-shashka va milliy sport turlari bo‘yicha chempionatlar o‘tkazib kelinmoqda. Ularda saralab olinayotgan iqtidorli yoshlar viloyat va respublika bosqichlariga tayyorlanmoqda.

Shubhasiz, ushbu ishlar sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni turli salbiy illatlardan asrashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Sardobada sportni ommalashtirish, yangi chempionlarni yetishtirish va ma’nan barkamol, jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri