Tailandning Bangkok shahrida 8-18 yoshgacha o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida tashkil etilgan Osiyo chempionati poyoniga yetdi.

O‘n kun davomida rapid, blits va standart yo‘nalishlarida kechgan qit’a birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasining 36 nafar a’zosi o‘z yosh toifalarida dona surdi.
32 mamlakatning 700 nafar shaxmatchi yoshlari qatnashgan rapid bahsining 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasida hamyurtimiz Oriyat Obidjonov 6 ochko jamg‘arib, qit’a chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
10 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi blits musobaqalarida Nurmuhammad Ne’matillaxonov va 10 yoshgacha bo‘lgan qiz bolalar bahsida Xusnoraxon Husniddinova kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, 16 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi standart yo‘nalishidagi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zosi Shahrambek Karimov 2-o‘ringa egalik qildi.

Chempionat yakunlariga ko‘ra, 1 ta oltin va 3 ta kumush medalga egalik qilgan terma jamoamiz a’zolari yurtimizda iqtidorli shaxmatchilarning yangi avlodi yetishib kelayotganini yaqqol namoyon etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA