Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh shaxmatchilarimiz Osiyo chempionatida qatnashmoqda
11:41 / 2024-12-08

Shu kunlarda Tailandda shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida XVIII Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

31 ta mamlakatning mahoratli shaxmatchi o‘quvchilari ishtirok etayotgan qit’a chempionatida mamlakatimizning 11 nafar yosh shaxmatchisi o‘z yosh guruhlarida g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Ortda qolgan 8 ta tur o‘yinlaridan so‘ng 17 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar o‘rtasidagi bahslarda terma jamoamiz a’zosi Zilola Aktamova 6 ochko bilan turnir jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi. Ushbu yosh toifasida 1-o‘rinda borayotgan vetnamlik Nigok Tuong Ming Txai 6 ochkoga ega bo‘lsa, 2-o‘rindan joy olgan qozog‘istonlik Adeliya Ospanova ham ayni paytda Zilola singari 6 ochkoga ega.

Bugun, 8 dekabr kuni chempionatning so‘nggi 9-turida Zilola Aktamova qora donalarda xitoylik Yuuyexi Yuu bilan kurash olib borsa, Nigok Tuong Ming Txai oq donalarda Adeliya Ospanova bilan kuch sinashadi.

13 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar musobaqasida qatnashayotgan hamyurtimiz Ruqiya Olimova turnirda 5,5 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. U bugun qora donalarda so‘nggi turda mazkur yosh toifasida 6,5 ochko bilan yetakchilik qilayotgan xitoylik Vangxuyoo bilan ro‘baro‘ keladi.

13 yoshli o‘g‘il bolalar bahsida qatnashayotgan Abdulqodir Bahodirov 5 ochko bilan 6-o‘rinni band etgan. 9-turda Abdulqodir oq donalarda xitoylik Xaoming Quga qarshi dona suradi.

Shuningdek, qit’a chempionatida qatnashayotgan yosh shaxmatchilarimizdan Shahzodbek Hamzayev 15 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 4,5 ochko bilan 12-pog‘onada, Akbarshoh Achilov 11 yoshlilar o‘rtasida 5,5 ochko bilan 11-o‘rinda, 9 yoshgacha bo‘lganlar orasida Bahodir Erkinov 4,5 ochko bilan 24-qatorda bormoqda.

Bugun barcha yosh toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA