Shu kunlarda Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida shaxmat bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida navbatdagi Markaziy Osiyo chempionati musobaqalari davom etmoqda.
10 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi bahslarda g‘oliblik uchun kurash olib borayotgan iqtidorli shaxmatchi qizimiz Mehribonu Nazirqulova oq donalarda qirg‘izistonlik Aliya Temirbekovani mag‘lub etdi va muddatidan avval chempionatning oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Bugun, 28 iyul kuni mukofot jamg‘armasi 12 ming AQSH dollaridan iborat musobaqaning hal qiluvchi 9-tur bahslari bo‘lib o‘tadi. Unda sportchilarimiz o‘z yosh toifalari bo‘yicha sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradi.

9-tur o‘yinlari ostonasida 10 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar musobaqasida yana bir yurtdoshimiz Robiyaxon Shapoxatova 5 ochko bilan 4-o‘rinda, Fazliddin Farhodov 8 yoshlilar orasida 6 ochko bilan 3-o‘rinda, Jahongir Dilmurodov 12 yoshlilar orasida 6 ochko bilan 3-o‘rinda, Abduqodir Bahodirov, Alisher Abduqayumov, Temur Shavkatov 14 yoshlilar orasida 6 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA