Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh shaxmatchilarimiz “Intellekt akademiyasi kubogi”da qatnashmoqda
07:45 / 2026-02-19

Rossiya Federatsiyasining Novokuznetsk shahrida shaxmat bo‘yicha kichik o‘smir yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Intellekt akademiyasi kubogi” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi dona surmoqda.

Dunyoning 20 ta davlatidan 41 ta jamoa tarkibida ishtirok etayotgan 700 nafar yosh shaxmatchilar turnir nizomiga muvofiq seans va rapid yo‘nalishlaridagi bahslarda kuch sinashishi belgilangan.

Chempionatda hamyurtlarimiz Armaniston, Belarus, Bolgariya, Venesuela, Misr, Qozog‘iston, Keniya, Xitoy, Kuba, Malayziya kabi davlatlarning jamoalari bilan kuch sinashadi.

O‘zbekiston sharafini iste’dodli yosh shaxmatchimiz, 11 yoshlilar o‘rtasida rapid va blits yo‘nalishlarida jahon chempionligiga erishgan Oriyat Obidjonov jamoa sardori sifatida 1 taxtada, 12 yoshlilar o‘rtasida jahon chempionati sovrindori Lazizbek Shavkatov 2-taxtada, 9 yoshlilar orasida Osiyo chempioni Madinabonu Asadova, 3-taxtada 9 yoshlilar orasida rapid yo‘nalishida jahon chempionati sovrindori Bahodir Erkinov va 14 yoshlilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati sovrindori Jahongir Nasimov himoya qilmoqda.

Turnirning ochilish marosimida ishtirok etgan Osiyo shaxmat federatsiyasi bosh kotibi Xisham Al Taxir “Intellekt akademiyasi kubogi” yosh iste’dodlarning mahoratini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, musobaqalarda O‘zbekiston, Xitoy, Armaniston, Ozarbayjon singari kuchi jamoalar qatnashayotgani uning nufuziga katta ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Musobaqalar 22-fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA