Rossiya Federatsiyasining Novokuznetsk shahrida shaxmat bo‘yicha kichik o‘smir yoshlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Intellekt akademiyasi kubogi” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Oriyat Obidjonov, Lazizbek Shavkatov, Madinabonu Asadova, Bahodir Erkinov va Jahongir Nasimovdan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari murosasiz “aql janglari”ning barchasida raqiblaridan ustun keldi.

Turnir nizomiga muvofiq o‘tkazilgan 9 ta tur davomida iste’dodli yosh shaxmatchilarimiz Rossiyaning “Buryatiya”, Belarus, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Tojikiston, Shri-Lanka va Rossiya Federatsiyasining yana bir jamoasini mag‘lub etdi.
O‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar 9 tur sarhisobiga ko‘ra, 81,5 ochko bilan g‘oliblikni tantana qilgan bo‘lsa, 2-o‘rindan joy olgan Qozog‘iston jamoasi 81 ochko, 3-o‘rinni egallagan Belarus vakillari 74,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu turnir doirasida tashkil etilgan aralash jamoaviy musobaqalarda terma jamoamiz a’zolaridan Jahongir Nasimov kumush medalga ega chiqdi.
Shuningdek, yakkalik musobaqalarda mahoratli shaxmatchi qizimiz Madinabonu Asadova 2-o‘rin sohibasi bo‘ldi.

Shuningdek, “Intellekt akademiyasi kubogi” xalqaro turniri davomida 150 nafar yosh shaxmatchi ishtirokida 9 ta turdan iborat klassik musobaqada terma jamoamiz a’zolaridan Jahongir Nasimov va Lazizbek Shavkatov 7 ochko jamg‘arib, kuchli o‘nlikdan o‘rin egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA