Qozog‘istonning Olmaota shahrida U8, U10, U12 yosh toifalarida o‘tayotgan “FIDE World Cadet Championships 2025”ning 6-tur o‘yinlari ortda qoldi.
88 ta davlatning 850 nafardan ziyod yosh shaxmatchilari ishtirok etayotgan dunyo birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar a’zosi o‘z yosh toifalarida dona surmoqda.

Bugun, 25 sentyabr kuni chempionatning 7-tur bahslari o‘tkazilishi ostonasida 8 yoshli qizlar orasida Kumushoy Uzoqova 4 ochko bilan 94 nafar ishtirokchi orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 15-o‘rinda, 8 yoshli o‘g‘il bolalar musobaqasida Fazliddin Farhodov 5 ochko bilan 150 nafar ishtirokchi orasida 7-o‘rinda bormoqda.

Shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan 10 yoshli qizlar orasida hamyurtimiz Husnoraxon Husniddinova 4,5 ochko bilan 11, 10 yoshli o‘g‘il bolalar bahsida Akbar Mustafoqulov 4,5 ochko bilan 21, 12 yoshli qizlar birinchiligida Sarvinoz Bekmuratova 4,5 ochko bilan 9, 12 yoshli o‘g‘il bolalar kurashida Oriyat Obidjonov 4 ochko bilan 175 nafar qatnashchi orasida 21-pog‘onada harakatlanmoqda.
11 turdan iborat chempionat musobaqalari 30 sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA