So‘nggi yillarda dunyoda yuz berayotgan turli ofatlar, hususan zilzila talofatlari seysmologiya sohasining har bir mamlakat uchun naqadar muhim ekanini anglatmoqda. O‘zbekistonda ham seysmologiya sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Soha vakillari, olimlar bu yo‘nalishda qator ilmiy izlanishlar, yangi loyihalarni olib bormoqda.
Seysmologiya sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonuni, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Hukumat tomonidan sohani yanada rivojlantirish uchun O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzurida Seysmologiya sohasini qo‘llab-quvvatlash, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizligini ta’minlash fondi tashkil etildi.
Bugun Toshkent shahrida Xalqaro seysmologiya maktabi, MDH davlatlarining yosh seysmologlari maktabi xalqaro anjumani boshlandi. 11-15 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan mazkur tadbirda 9 ta davlatdan 106 nafar olim qatnashmoqda. Mazkur seminar sessiyalarga bo‘lingan holda o‘z ishini olib bormoqda.
[gallery-13524]
— Bunday tadbir yurtimizda ilk marotaba o‘tkazilmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti katta ilmiy xodimi Zuhriddin Shukurov. — Yosh olimlarimiz o‘zlarining taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda. Ular xorijlik hamkasblari bilan bilim va tajribalarini almashmoqda. Kelajakda seysmologiya sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun ularga bunday muloqotlar yaxshi natija beradi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni seysmologiya faniga keng jalb qilish, ularga sohaning zamonaviy jihatlarini tushuntirish, bu yo‘nalishdagi xorijiy tajriba, yutuq va kamchiliklarni baholash, aholini tabiiy ofatlardan himoya qilish yo‘nalishidagi izlanishlarni rivojlantirishdan iborat.
N.Rahmonova, A.Mamadaminov(surat)
O‘zA